So‘nggi yillarda o‘zbek futbolchilari dunyoning turli mamlakatlarida legioner sifatida muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida maydonga tushayotgan ikki futbolchimiz haqida qisqacha xabar berib o‘tmoqchimiz.
Jumladan, Eldor Shomurodov Italiya A Seriyasida “Kalyari” jamoasida bu mavsumni o‘tkazdi. Eldor mavsumning ikkinchi qismida o‘zini ko‘rsata boshladi va jamoasiga muhim pallada o‘zining gollari hamda aniq to‘p uzatmalari bilan yordam berdi. Forvardimiz A Seriyada 22 ta uchrashuvda, Italiya kubogida ikkita bahsda qatnashdi hamda maydonda jami 1044 daqiqa harakat qildi.
Endi esa Fransiya vitse-chempioni bo‘lgan “Lans” jamoasida bir mavsum o‘ynagan Abduqodir Husanov haqida ayrim faktlarni e’tiboringizga havola qilamiz. 19 yoshida “Lans”ga qo‘shilgan Abduqodir Liga 1-musobaqasida 11 marotaba maydonga tushdi va jami 811 daqiqa o‘ynadi. Shuningdek, u UEFAning ikki nufuzli musobaqasi – Yevropa Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasida ikkitadan o‘yin o‘tkazdi. Hozirda 20 yoshli himoyachimiz “Lans”ning asosiy tarkibiga da’vogar futbolchilardan hisoblanadi.
Shu o‘rinda garchi Yevropaning kuchli 5 chempionatlaridan o‘rin olmasa-da, Yevropa futboli havosi ufurib turgan Turkiya superligasidagi uch nafar futbolchimiz haqida to‘xtalib o‘tishni lozim ko‘rdik. Turkiyada “Fotih Karagyumryuk” jamoasi safida harakat qilgan yarim himoyachimiz Otabek Shukurov yakunlangan mavsumning o‘rtasida jamoasini almashtirib, “Kayserispor” safiga qo‘shildi. Shu tariqa u “Fotih Karagyumryuk”da 15, yangi jamoasida esa 12 marotaba maydonga tushdi. Otabek Shukurov butun mavsum davomida Superligada umumiy hisobda 1043 daqiqa harakat qilib, bitta assistni amalga oshirdi.
Husniddin Aliqulov o‘tgan yozda “Nasaf”ni tark etib, Turkiya Superligasining “Rizespor” jamoasi bilan uch yillik shartnoma imzoladi. Markaziy himoyachimiz uchun bu transfer xalqaro maydondagi debyut hisoblandi. U “Rizespor” tarkibida Superliganing 21 ta uchrashuvida va mamlakat kubogining bitta o‘yinida jamoasiga yordam berdi va 1377 daqiqa o‘ynadi.
Joriy yil boshida Qatarda o‘tgan Osiyo kubogidagi ajoyib o‘yin ko‘rsatgan Azizbek Turg‘unboyevni “Sivasspor” rahbariyati erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib oldi va bir yarim yillik shartnoma imzoladi. Yangi jamoada 29 yoshli hujumkor futbolchimiz 12 ta bahsda maydonga tushdi va jami 812 daqiqa harakat qildi. Azizbek Turg‘unboyev “Istanbulspor” bilan bo‘lgan bahsda Turkiya chempionatidagi debyut golini urdi.
***
“Bunyodkor” stadionida O‘zbekiston Kubogi 1/8 final bosqichi uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, “Bunyodkor” – “Qiziriq”, “Metallurg” – “Surxon”, “Olimpik” – “Andijon”, “Navbahor” – “Buxoro”, “Aral” – “Paxtakor”, “Olimpik MobiUz” – “Xorazm”, “Mash’al” – “Qizilqum”, “So‘g‘diyona” – “Neftchi” juftliklari 1/8 final bosqichida o‘zaro raqobatlashadigan bo‘ldi.
***
Yevropa Konferensiyalar ligasining final o‘yinida “Olimpiakos” va “Fiorentina” klublari o‘zaro raqobatlashdi. Uchrashuvning 116-daqiqasida El-Kaabi gol urib, “Olimpiakos”ni musobaqa g‘olibiga aylantirdi.
***
Krishtianu Ronaldu “An-Nasr” jamoasi safida Saudiya Arabistonida to‘purarlik bo‘yicha bir necha rekordlarni qayd etdi. “An-Nasr” rahbariyati kelishuvga ko‘ra, Ronalduga har mavsum uchun 200 million yevro to‘lamoqda.
Endi klub xo‘jayinlari portugaliyalik yulduz bilan 2025 yilning yozida tugaydigan shartnomani yana bir yilga uzaytirishmoqchi. Agar Ronaldu bu taklifni qabul qilsa, bitim yana bir yilga uzaytiriladi va maosh oshadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA