Fransiya poytaxti Parij shahri shimolida qurilgan “Olimpiya shaharchasi” yaqinida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan 15 kishi hibsga olindi, deya xabar tarqatdi AFP sayti.

Giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganlarni hibsga olish operatsiyasi davomida Fransiya politsiyasi va bojxona xodimlari 10 kilogrammga yaqin zahri qotilni, 20 ming yevro naqd pul va 48 ta uyali telefon apparatini musodara qilgan.

Fransiya politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, “Olimpiya shaharchasi”dagi 14 mingdan ziyod ishtirokchilar istiqomat qiladigan binolar va ularga tutash hududlar doimiy ravishda nazoratga olinadi. Joriy yilning 26 iyulidan boshlanadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan Parij-2024 tadbiriga daxldor maskanlarda reyd va tekshiruvlar o‘tkazib boriladi.

Parij shahar prokurori Laure Bekquo “Franceinfo” radiosiga bergan intervyusida Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun dunyoning turli davlatlaridan sport delegatsiyalarining kelishi, sayyohlar oqimining ortishi oqibatida mamlakatda o‘g‘irlik, talonchilik, firibgarlik jinoyatlari ortishi mumkinligini aytib o‘tgan.

Fransiyalik senatorlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatda giyohvand moddalar savdosi har yili 3-6 milliard yevrogacha yashirin daromad manbaiga aylangan.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA