29 may – Bahrayn bilan diplomatiya munosabati o‘rnatilgan kun

Janubi-g‘arbiy Osiyoda, Fors qo‘ltig‘idagi Bahrayn orollaridan iborat Qirollikning poytaxti – Manama. Mamlakat tarkibiga kiradigan 33 orolning eng yiriklari – Bahrayn, Muharrak, Umm-Nasan, Hovar.
Rasmiy tili – arab, asosiy aholisi ham arablar bo‘lmish mamlakatda eroni, pokistonlik va hind millati vaкиллари ham yashaydi.
Bahrayn – konstitutsiyaviy monarxiya, davlat rahbari – Amir va bir palatali Milliy Kengash (parlament) qonun chiqaradi, ijro hokimiyati – Бош vazir boshchiligidagi hukumat.
1973 yil mamlakat konstitutsiyasi qabul qilingan. 1973-75 yillarda konstitutsiyaga muvofiq Milliy Assambleya (parlament) chaqirildi, biroq 1975 yil Amir farmoni bilan tarqatib yuborildi. 1992 yil 40 kishidan iborat Maslahat Kengashi tuzilgani e’lon qilindi. Ushbu kengash qonun loyihalari va turli sohalar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi. Kengash tarkibini Amir belgilaydi.
Bahrayn nomi miloddan avvalgi 3 ming yilliklarga mansub manbalarda tilga olingan. Marvarid-duri bilan mashhur bo‘lgan ushbu hudud 1521 yil Portugaliya tomonidan bosib olingunga qadar 8 asr mobaynida mustaqil arab-musulmon davlati edi. Portugallar bu yerda uzoq turmadi. 1602-1783 yillari Bahrayn Eron hukmronligi ostida bo‘ldi. 1820 va 1861 yildagi bitimlardan so‘ng Britaniya imperiyasi izmiga o‘tdi, ya’ni yana mustamlakaga aylandi.
1971 yil mustaqillikka erishgan mamlakat 1971 yildan BMT a’zosi. Milliy bayram – Milliy kun 1971 yil 16 dekabrdan buyon nishonlab kelinadi.
1992 yil 29 mayda diplomatiya munosabatini o‘rnatgan O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha tomonlar mavjud imkoniyatdan to‘liq foydalanyapti, deb bo‘lmaydi. Mutaxassislar fikricha, Bahrayndan O‘zbekistonga sarmoya jalb etish, meva-sabzavotni Bahraynga eksport qilish, xalq iste’moli mollari ishlab chiqaradigan qo‘shma korxonalar tashkil etish, turizmni rivojlantirish istiqbolli yo‘nalishlardir.
Bu ikki mamlakat madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishda ham ulkan salohiyatga ega. Olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari, sportchilar hamkorligi xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bir necha yil avval mamlakatimiz yetakchi xotin-qizlari delegatsiyasi Manama shahrida har yili o‘tkaziladigan xayriya bozorida xalq amaliy san’ati namunalari, musavvirlarimiz asarlarini namoyish etgan. O‘shanda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Bahrayn Onalar va bolalarni himoya qilish jamiyati hamkorligi to‘g‘risida bayonnoma imzolangan.
2019 yil 24 fevral kuni Manama shahrida Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida shartnomaviy-huquqiy masalalar bo‘yicha O‘zbekiston – Bahrayn maslahatlashuvi bo‘lib o‘tdi. Muzokara chog‘ida mavjud yuridik bazani inventarizatsiya qilishdan tashqari siyosat, iqtisodiyot, turizm va boshqa yo‘nalishlardagi munosabatning holati ko‘rib chiqilib, istiqbolli masalalar muhokama qilindi. Imzolangan bitimlarning huquqiy maqomiga aniqlik kiritildi, hujjatlar samarali ijrosiini ta’minlash uchun ikki mamlakat tegishli idora va tashkilotlari faoliyatini jadallashtirishga kelishib olindi.
Hamkorlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoit, eksportni rag‘batlantirish va turizmni rivojlantirish borasidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.
83 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektini birlashtirgan Bahrayn Savdo-sanoat palatasi vakillari, o‘z navbatida, mehmonxona biznesi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish sohalaridagi istiqbolli investitsion loyihalarda ishtirok etish uchun mamlakatimiz ishbilarmon doira vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga qiziqish bildirdi.
Joriy yil aprel oyida O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari ikkinchi uchrashuvi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etgan Bahrayn Podshohligi tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid Al-Zayoniy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv davomida ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish masalasi ko‘tarildi. Siyosiy muloqotni faollashtirish hamda siyosiy maslahatlashuv mexanizmini tez fursatda ishga tushirish muhimligi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik, bank-moliya, avtomobil va temir yo‘llari qurilishi, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish kabi ustuvor yo‘nalishlarda dastur va loyihalarni ilgari surish uchun salohiyat, keng imkoniyat mavjudligi ta’kidlandi.
Shu yil qo‘shma Hukumatlararo qo‘mitaning ilk yig‘ilishini o‘tkazish hamda O‘zbekiston va Bahrayn yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida Ishbilarmonlar kengashini ta’sis etish rejalashtirilgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA