Anadolu axborot agentligi vakillari O‘zAda
Bugun dunyo axborot olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Turkiyaning Anadolu agentligi vakillari – Ijroiya kengashi a’zosi, doktor Ismoil Chag‘lar, Nashrlar va materiallar koordinatori Og‘uz Karakash, Marketing va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Erman Yuksel O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga tashrif buyurishdi.
Ikki mamlakat yetakchi axborot agentliklari vakillari o‘rtasida kechgan muloqot avvalida O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro strategik sheriklik munosabatini yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar davom etayotgani qayd etilib, mehmonlarga yurtimizda turli sohalar qatori media makonida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuvda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar turli sohada jadal rivojlanayotgani, ayni jarayonda O‘zbekiston bilan ishonchli axborot almashish muhimligi ta’kidlandi.
– Har safar turk birodarlarimiz, hamkasblarimizni ko‘rganda quvonamiz, – dedi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov. – Anadolu bilan do‘stona, izchil tajriba talab etadigan aloqani yo‘lga qo‘yganmiz. Davlatlarimiz rahbarlari uchrashuvi jarayonida O‘zA va Anadolu memorandum imzolagan.
Eslatib o‘tamiz, agentliklarimiz o‘rtasidagi Hamkorlik bitimi 2022 yil 29 mart kuni Toshkent shahrida imzolangan.
– O‘zbekistonda, jumladan O‘zAda bo‘lib turganimizdan juda mamnunmiz, – dedi Marketing va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Erman Yuksel. – Ayni payt 104 yoshga to‘lgan Anadolu jahonda yuz berayotgan eng muhim voqealarni tezkor yoritmoqda. Tashkilotimizning 39 mamlakatdagi 140 dan ziyod ofisida yuzlab jurnalist, fotomuxbirlar faoliyat yuritadi.
Muloqot chog‘ida mehmonlar o‘z jamoasi to‘g‘risida ma’lumot berarkan, Anadolu jahonning Assoshieyted Press, BBC kabi mashhur internet nashrlari qatorida turishiga alohida urg‘u berildi. Darvoqe, ushbu sayt 13 tilda axborot tarqatadi. Xalqaro maydonda ham sheriklikni rivojlantirayotgan turk nashri muntazam ravishda nufuzli xalqaro seminarlar tashkil qilib keladi. Anadolu tashabbusi bilan o‘tgan yil 6 noyabr kuni Istanbulda Turkiy davlatlar axborot agentliklari alyansini ta’sis etishga bag‘ishlangan yirik majlis o‘tkazilgan edi. O‘shanda tegishli Qo‘shma deklaratsiyani O‘zbekiston (UzA), Turkiya (Turkic States AA), Qozog‘iston (QazContent), Ozarbayjon (Azertac) va Qirg‘iziston (Kabar) davlat media tuzilmalari rahbarlari imzolagan.
Suhbat davomida joriy yil 21-23 iyun kunlari o‘tadigan uyushmaning navbatdagi majlisi kun tartibi ham muhokama qilindi. Jurnalistlarning xabar tayyorlash salohiyatini oshirish, turli mavzularda bilimi, tajribasini oshirishi muhimligi aytildi. Xususan, 1-12 iyul kunlari Anqara shahrida harbiy jurnalistika ko‘nikmasini o‘zlashtirish bo‘yicha uyushtiriladigan trening tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Bugungi global o‘zgarishlar davrida axborot makonining dolzarb ahamiyatidan kelib chiqib, ayniqsa, davlat rahbarlari darajasidagi tadbirlar mundarijasiga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Behruz Xudoyberdiyev, Rustam Nazarmatov (foto), O‘zA