Xitoy Markaziy Osiyo OAV bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

262

Bugungi globallashuv jarayonida mamlakatlar bilan ochiq, samimiy muloqot o‘rnatish tinchlik va osoyishtalikni saqlashdagi muhim omillardan biri sanaladi. Bu borada shaksiz ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari boshqa mintaqalar, xususan Xitoy Xalq Respublikasi bilan barcha sohalarda o‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi munosabatni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga intilmoqda. “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi ham ayni maqsadga xizmat qiladi. Mazkur tashabbus doirasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish, jumladan mintaqadagi OAV hamkorligini yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan.

Ma’lumki, Shinjon Uyg‘ur avtonom rayoni Xitoyni nafaqat Markaziy Osiyo, balki Yevropa bilan bog‘laydigan muhim makon hisoblanadi. Shu bois ushbu hududda barcha sohalarni rivojlantirish jarayonida jurnalistlar uchun erkin ma’lumot olishni ta’minlaydigan media makoni yaratish davr talabi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerak, O‘zbekiston va Xitoy OAV o‘rtasidagi aloqalar keyingi yillarda jadallashdi. Markaziy Osiyo davlatlari jurnalistlari uchun Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bo‘ylab tashkil etilgan navbatdagi sayohat ayni jarayonning uzviy davomi bo‘ldi. Press-turga taklif etilgan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston jurnalistlari hududning tarixi, madaniyati, san’ati, boy madaniy merosi bilan birga keng ko‘lamli islohotlar, qurilish, bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.

– Bugun dunyoda sodir bo‘layotgan shiddatli jarayonlarni hammamiz kuzatib boryapmiz, – deydi “Qirg‘iz tuusu” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari NarangulNazaraliyeva. – Geosiyosiy maydonda Xitoy bilan aloqalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi muhim ahamiyatga ega. Bu loyiha orqali, jumladan, OAV xodimlari o‘rtasida erkin muloqot maydonini tashkil etish, o‘zaro fikr, tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish ham nazarda tutilgan. Biz bu yerda davlatning o‘z xalqiga, shu hududda yashayotgan turli millat vakillariga ko‘rsatayotgan e’tiborini ko‘rdik.  Ayniqsa, tarix, madaniyat, urf-odat va an’analarni asrab qolish borasida qilingan ishlar tahsinga sazovor. Eski shaharlar tiklanyapti, qadimiy hovlilar, hatto yuz yillab oldin qurilgan, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan uylar ta’mirlanib, foydalanishga topshirilyapti. Eng muhim, bu manzillar sayyohlar uchun qiziqarli manzilga aylantirilayotgani e’tiborimizni tortdi. Bu tarixiy uylarda ham istiqomat qilib, ham mehmonlarni kutib, oyiga 3 ming dollargacha daromad topayotgan xitoyliklarni ko‘rdik. Bu tajribani Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar ommalashtirsa ayni muddao. Zero, qardosh yurtlarimizning barchasida o‘ziga xos boy tarix, madaniyat, ulkan salohiyat bor.

Mamlakat shimoli- g‘arbidagi Xorgos shahrida Markaziy Osiyo va Xitoy ommaviy axborot vositalari hamkorligi ofisining ochilishi Press-turning asosiy voqeasiga aylandi.

E’tiborli jihati, axborot almashinuvi va hamkorlik uchun muhim platformaga aylanishi kutilayotgan ushbu markaz O‘zbekiston va Xitoy do‘stligini mustahkamlashga ham munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.

Media markazning ochilish marosimida qayd etilganidek, Xorgos “Bir makon, bir yo‘l” loyihasidagi muhim manzillardan biri. Bu yerda qo‘shma amaliy stansiya tashkil etilishi sheriklikni mustahkamlash sari tashlangan muhim qadamdir.

Xitoy va Qozog‘iston chegarasidagi Xorgos shahrini Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘i, deyish mumkin. Bu yerda qad rostlagan ko‘rkam shahar, qulay infratizim, yo‘l qurilishidagi o‘ziga xos yechim zamonaviy Buyuk ipak yo‘lining hayotiyligi, buyuk qudratini namoyon etgandek, go‘yo.

Xorgos chegara manzilini shaharga aylantirish bundan 10 yil avval boshlangan edi. Nisbatan qisqa vaqt davomida zamonaviy, mo‘’jaz shahar barpo etilib, nafaqat mahalliy aholi, balki xorijlik ishbilarmonlar, savdogarlar uchun ham mislsiz qulaylik yaratildi.

– Hududda o‘tgan yil Xitoyning bir necha gazetasi va Qozog‘iston OAV uchun ish joyi ochildi, – dedi CNS Shinjon filiali bosh muharriri  Van Szinshen. – Bu yerda hamkorlikda faoliyat olib borish uchun keng imkoniyat yaratilgan. Masalan, Xorgosga Markaziy Osiyo davlatlaridan vizasiz kirish tartibi joriy qilingan. Tabiiyki, ushbu media ofisi O‘zbekiston uchun ham juda qulay. Umuman, majmua endi mintaqaning barcha davlatlari uchun ochiq. Jumladan, O‘zbekiston bilan ham bemalol media almashinuvini yo‘lga qo‘yish mumkin. So‘ngi yillarda davlatlarimiz o‘rtasida turli sohalar bo‘yicha keng ko‘lamli hamkorlik o‘rnatilgan. Do‘stona aloqalar samarasini keng jamoatchilikka ko‘rsatish vazifasi aynan OAV xodimlari zimmasiga klkan  mas’uliyat yuklaydi. Markaz aynan shu jarayonda jurnalistlarga yaqin ko‘makchi, deb o‘ylaymiz. Kelgusida mintaqa davlatlari bilan birga xalqlarimiz jipsligini yanada mustahkamlaydigan yirik anjumanlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, Xitoy – Markaziy Osiyo media uyi ochilishi ikki va ko‘p tomonlama muloqotni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashadi. Xususan, Shinjon-Uyg‘ur va Markaziy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, shuningdek, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasidagi umumiy sa’y-harakatlar samarasi haqida turfa maqola, reportaj va hikoyalar yaratilishiga xizmat qiladi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA

Toshkent – Xorgos – Toshkent