O‘zbekiston fuqarolari endi Tailandga vizasiz borishlari mumkin
Tailand Qirolligi Vazirlar Mahkamasi mamlakatga xorijlik sayyohlarni jalb qilishga qaratilgan bir qator yangi viza tashabbuslarini ma’qulladi, deb xabar beradi Bangkok Post nashri.
Yangi qoidalarga ko‘ra, fuqarolari Tailandga vizasiz tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni 57 tadan 93 taga ko‘paymoqda. Ushbu tartib amal qiladigan 36 ta davlatlar qatoriga Kambodja, Xitoy, Hindiston, Yamayka, Qozog‘iston, Laos, Meksika, Marokko va O‘zbekiston kirdi.
Bundan tashqari, vizasiz rejim bo‘yicha mamlakatda qolish muddati 30 kundan 60 kungacha uzaytirildi. Shuningdek, hukumat 31 ta davlatga kirish vizalari berilishini ma’qulladi (ilgari ularning soni 19 ta edi).
Dam olish va ishni uyg‘unlashtiruvchilar uchun 180 kungacha qolish va yana shu muddatga uzaytirish imkoniyati bilan besh yillik viza joriy qilindi. Oldin sayyohlarning mamlakatda eng ko‘p qolish muddati 60 kunni tashkil etgan.
“Bu chora-tadbirlar masofadan turib ishlaydigan “raqamli ko‘chmanchilar”, frilanserlar hamda Tailand boksi va oshxonasi sirlarini o‘rganmoqchi bo‘lganlarga qaratilgan”, – deya izoh berdi hukumat vakili Chay Vacharonke.
Tailand oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan xorijiy talabalar endi o‘qish tugaganidan keyin mamlakatda yana bir yil davomida qolishlari mumkin.
Hukumat vakili shuningdek, sentyabr oyidan boshlab Tailand konsulligi va elchixonalarida elektron viza uchun ariza berish punktlari soni 47 tadan 94 tagacha oshirilishini ham ma’lum qildi. Ushbu yangiliklar joriy yilning 1 iyunidan kuchga kiradi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA