Tadbirkorlar o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqish Biznes-ombudsman vakolatiga kirmaydi
Ma’lumki, Biznes-ombudsman Prezident huzuridagi tashkilot bo‘lib, u respublika bo‘ylab har bir hududda o‘z vakillariga ega. 7 yillik faoliyati davomida mazkur tashkilot tadbirkorlarning 39 mingdan ortiq murojaatlarini ko‘rib chiqdi va bu davrda tadbirkorlar foydasiga 250 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarilishiga erishildi.
Ammo, tadbirkorlar o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqish Biznes-ombudsman vakolatiga kirmaydi. Bu borada ishbilarmonlarga nizolarni hal qilishning muqobil yo‘li – mediatsiyadan foydalanish tavsiya qilinadi.
–Mediatsiya – kelib chiqqan nizoni taraflarning o‘zaro ma’qul qarorga erishishi uchun tomonlarning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usulidir, – dedi Biznes-ombudsman axborot xizmati rahbari Guljamol Shukurova. – Jumladan, tadbirkorlar o‘rtasidagi nizoli vaziyatlarda mediatsiyadan foydalanish ortiqcha pulni tejaydi, ya’ni davlat boji, ekpertiza hamda yuristlar va advokatlar uchun ketadigan xarajatlarni minimallashtiradi. Nizoni hal qilish uchun sarflangan vaqtni sezilarli darajada kamaytiradi. Negaki sudlarda ishning qancha muddat davom etishi noma’lum bo‘ladi.
Shuningdek, sudlardan farqli ravishda, mediatsiya o‘zaro aloqalarni yaxshilab, nizolarni konstruktiv hamkorlikka aylantirish imkonini beradi. Bundan tashqari, kelishilgan bitimda tomonlar o‘zlarining imkoniyatlaridan kelib chiqib, majburiyatlar va ularning bajarilish muddatlarini o‘zlari belgilashlari mumkin bo‘ladi.
Xo‘sh, mediatorga ishbilarmonlar qanday murojaat qilsa bo‘ladi? Ma’lumki, Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida professional mediatorlar ro‘yxati va ularning telefon raqamlari aks etgan bo‘lib, u ro‘yxat doimiy yangilab turiladi.
Mediatsiyadan foydalanish uchun bu haqda yozma shaklda kelishuv tuzilishi lozim va shu kelishuvga ko‘ra taraflar bir yoki bir necha mediatorni tanlashi mumkin bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA