YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi O‘zbekistonda

206

Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBM) ekspertlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif dasturiga muvofiq EBM ekspertlari qator vazirlik va idoralar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati instituti vakillari bilan uchrashadi.

Qayd etish joizki, YeXHT DIIHB metodologiyasi bo‘yicha ehtiyojlarni baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi. Saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligi natijalaridan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy soni haqida qaror qabul qilinadi.

Kuni kecha YeXHT DIIHB saylov departamenti katta maslahatchisi Keara Kastaldo hamda saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Kaxa Inaishvili Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxo‘jayev bilan uchrashdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuvda DIIHB saylovlarni kuzatish Missiyalarining natijalari bo‘yicha berilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari, shuningdek, Byuroning yakuniy hisobotlarida keltirilgan tavsiyalarni hisobga olgan holda milliy saylov qonunchiligi va saylov tizimini yanada takomillashtirishda 2023 yil 18 dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, ekspertlar parlament quyi palatasi va saylov organlari tizimidagi o‘zgarishlar bilan tanishdi. Ma’lumki, mamlakatda saylov organlarining yagona markazlashgan tizimi shakllantirilmoqda, parlament quyi palatasiga saylovlar aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi.

Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari DIIHB missiyalarining 2023 yilda o‘tkazilgan referendum va muddatidan ilgari Prezident saylovini kuzatish bo‘yicha yakuniy hisobotlarini tahlil qilish va ulardagi tavsiyalarni saylov qonunchiligi va amaliyotiga joriy qilish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

 

M.Komilova,

O‘zA