«Barkamol avlod» sport musobaqalari g‘oliblari «Prezident sovg‘asi» to‘plami bilan taqdirlandi

277

Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash maqsadida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Poytaxtimizda «Barkamol avlod» sport musobaqalarining g‘olib jamoalariga «Prezident sovg‘asi»ni topshirish hamda «Talabalar ligasi» sport musobaqalarining respublika bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etish lozimki, respublikaning barcha hududida akademik litsey va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida «Barkamol avlod» sport musobaqalari navbatma-navbat o‘tkazildi.

Tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov kirish so‘zi bilan ochib, musobaqa g‘olib va sovrindorlarini qutladi hamda sportning inson salomatligidagi ahamiyati, yoshlarni zararli odatlardan asrashdagi o‘rni muhimligini ta’kidladilar.

Musobaqa sportning 16 ta turi – badminton, basketbol, belbog‘li kurash, voleybol, gandbol, dzyudo, yengil atletika, kurash, futbol, stol tennisi, stritbol, erkin va yunon-rum kurashi, shaxmat, shashka, vorkaut bo‘yicha o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi. Musobaqalarning birinchi – ta’lim muassasasi bosqichida 96 ming 424 nafar, ikkinchi – tuman-shahar bosqichida 72 ming 436 nafar, uchinchi — hududiy bosqichda 22 ming 924 nafar, to‘rtinchi – respublika final bosqichida 2 ming 464 nafar o‘quvchi-yosh ishtirok etgan.

Respublika final bosqichining yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘ringa Toshkent shahri, 2-o‘ringa Buxoro viloyati, 3-o‘ringa Andijon viloyati munosib deb topildi. Ushbu terma jamoalar 192 million so‘mlik «Prezident sovg‘asi» to‘plami bilan taqdirlandi.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ilk marta ommaviy ravishda o‘tkazilgan «Talabalar ligasi» sport musobaqalarining g‘olib va sovrindorlari ham mazkur tadbirda tantanali taqdirlandi.

Sportning futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat turlari bo‘yicha o‘tkazilgan «Talabalar ligasi» sport musobaqalarida respublika bo‘yicha jami 12 ming 365 ta jamoa faol ishtirok etdi.

Musobaqalarning 1-bosqichida 147 ta OTMdan 562 ming 154 nafar, 2-bosqichida 21 ming nafar, 3-respublika bosqichida 42 ta OTMning mingdan ortiq talaba-yoshlari o‘zaro bellashdi. G‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.

Taqdirlash marosimida talabalar ishtirokidagi musiqiy chiqishlar namoyish etildi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA