29 may kuni poytaxtimizdagi Islom Karimov xalqaro aeroportida Peru poytaxti Lima shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yakunlangan jahon chempionatida vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan og‘ir atletikachilarimiz tantanali kutib olindi.

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan jahon chempionatida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi  2 ta oltin, 6 ta kumush va 4 ta  bronza medalini qo‘lga kiritib, g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etdi.

Okean orti mamlakatida o‘tgan jahon chempionatida 6 nafar sportchi bilan ishtirok etgan  O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zolari 20 ta vaznning 6 tasida sovrinli o‘rinlarga ega chiqqanligi mamlakatimizda mahoratli yosh sportchilarni tanlash, saralash va ularda nufuzli musobaqalar ko‘nikmasini shakllantirish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligini ko‘rsatdi.

G‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan yosh sportchilarimizni kutib olish marosimida ishtirok etgan Sport vazirligi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mutaxassislari, sportchilarning ota-onalari, yaqinlari va keng jamoatchilik vakillari musobaqaning ahamiyati, o‘smir sportchilarimizning texnik-taktik harakati, murabbiylarning shogirdlariga ko‘rsatgan daldasi muvaffaqiyatga omil bo‘lganligini ta’kidlashdi.

Aytish lozimki, olis Peruda kechgan jahon chempionatida sovrinli o‘rinlarni egallagan terma jamoamiz sportchilari Bekzod G‘ofurjonov, Marjona Abdumutalova, Ruslan Rahmatjonov va Omadillo Olimov timsolida yurtimizda mahoratli yoshlarning yangi avlodi kamolga yetayotganligini, ular jahondagi tengdoshlari orasida o‘z o‘rniga ega shijoatli sportchilar ekanligini isbotlashdi.

Kutib olish jarayoni, sportchilarning, ota-onalarning musobaqa to‘g‘risidagi fikrlari bilan O‘zAning YouTube kanali orqali tanishishingiz mumkin.

To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA muxbiri