Ispaniyada Falastinni mustaqil davlat sifatida rasman tan olish qarori ma’qullandi. Bu haqda qirollik Vazirlar kengashi yig‘ilishi yakuni bo‘yicha hukumat rasmiy vakili ma’lum qildi.
– Bu tarixiy qarordan ko‘zlangan yagona maqsad – tinchlikni ta’minlash, – dedi mulozim. Tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares, o‘z navbatida, bu qadamni “burilish nuqtasi” va Yaqin Sharqda “tinchlikka erishishning yagona yo‘li” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Falastin muammosini hal qilishda ikki davlat tamoyilidan boshqa muqobil qaror bo‘lishi mumkin emas.
Vazir yaqin kunlarda Sloveniya ham Falastin mustaqilligini tan olishiga ishonch bildirdi.
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Sharqiy Quddus mustaqil Falastin poytaxtiga aylanishi, G‘azo sektori va G‘arbiy Sohil yagona Falastin milliy hukumati nazorati ostida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, bu ikki hududni bog‘laydigan yo‘lakka ehtiyoj borligiga ham ishora qildi.
Siyosatchi aytishicha, Madrid 1967 yildagi chegara bo‘yicha tomonlar o‘rtasida kelishilmagan o‘zgarishlarni tan olmaydi.
Avvalroq Norvegiya va Irlandiya Falastinni tan olish niyatida ekanini ma’lum qilgan.