“Neuralink” kompaniyasi yaratgan miya implanti o‘rnatilgan yer yuzidagi birinchi inson Nolan Arbo “Business Insider” nashriga bergan intervyusida deyarli har kuni ushbu qurilmadan foydalanishini ta’kidladi.
– Ba’zan kunim ertalab soat 7 da boshlanadi va implantdan 23:00 gacha foydalanaman, – deydi Arbo. – Kun juda uzoq tuyulishini bilaman, biroq bu menga yoqadi, ishlayotganimni his qilmayman.
U implant yordamida ijtimoiy tarmoq orqali odamlar bilan suhbatlashishi, kulgili hikoyalarni o‘qishi, yapon tilini o‘rganishini ham qo‘shimcha qildi.
Yanvar oyida amerikalik tadbirkor Ilon Mask “Neuralink” kompaniyasi implanti qo‘yilgan ilk inson haqida gapirib, u o‘zini yaxshi his qilayotganini aytgan, qurilma ishga tushirilgandan keyingi dastlabki ma’lumotlar yaxshi natijalar va’da qilayotganini ta’kidlagandi. Keyinroq milliarder mazkur kashfiyot ob’ekti “Telepathy” – Telepatiya, deya nomlanishini ham ma’lum qildi.
“Mitti tugmacha” sohibiga smartfon yoki kompyuterni fikr yordamida boshqarish imkonini beradi. Bunday moslama birinchi navbatda oyoq-qo‘lini ishlatish qobiliyatini yo‘qotgan odamlar uchun mo‘ljallangan. Mart oyida miyasiga implant o‘rnatgan dastlabki odam “fikr yordamida” shaxmat o‘ynay olishini namoyish qildi. Mask “Neuralink” kompaniyasi “Blindsight” loyihasi asosida ko‘zi ojizlar uchun ham miya implanti yaratayotganini bildirdi.