Ko‘z inson uchun eng bebaho ne’mat, eng muhim tana a’zosi hisoblanadi. Qabul qilinadigan axborotning to‘qson foizi aynan ko‘z orqali qabul qilinadi. Ko‘z kasalliklari kelib chiqishi nasliy bo‘lishi ham mumkin. Ammo naslga, yoshga, jinsga bog‘liq bo‘lmaganlari ham mavjud. Jahon tibbiyotida refraksiya anomaliyalari (uzoq yoki yaqinni yaxshi ko‘rmaslik — miopiya, gipermetropiya, astigmatizm), turli ko‘z jarohatlari, katarakta, glaukoma, presbiopiya (keksaygan sari ko‘rishning pasayib borishi) kabi kasalliklar ko‘p uchramoqda. Qolaversa, ekologik muvozanatning buzilishi, oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida turli kimyoviy qo‘shimchalarning ulushi tobora ortib borishi, nosog‘lom turmush tarzi ko‘z kasalliklari ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Bugun dunyo tibbiyoti oftalmologiya va ko‘z mikroxirurgiyasi yo‘nalishida ham ulkan yutuqlarga erishdi.

Poytaxtimizda tashkil etilgan “Oftalmologiyada innovatsion texnologiyalar” xalqaro konferensiyasida ko‘z kasalliklarining oldini olish hamda oftalmologiyani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari haqida o‘z bordi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Oftalmologlar assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Shifokorlar assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etildi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Oftalmologlar assotsiatsiyasi mas’ullari tomonidan  500 nafardan ortiq mutaxassis ishtirokida xalqaro vebinarlar o‘tkazilgan. Amerikaning mashhur “Lions Eye Institute” transplantatsiya markazi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan. Shuningdek, Assotsiatsiya tomonidan davlat organlariga maslahat yordami ko‘rsatilmoqda, bolalar uchun profilaktika dasturlari amalga oshirilib, optometrist hamshiralarning malakasini oshirish tashkil etilmoqda.

Tadbir davomida O‘zbekiston oftalmologlar assotsiatsiyasi raisi Zulfiya Maqsudova tibbiyotning muhim yo‘nalishi hisoblangan, zamonaviy raqamli texnologiyalarning rivojlanishi va shunga mos ravishda inson, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar ko‘ziga yuklanishning keskin ortishi tufayli talab ortib borayotgan oftalmologiya sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘zni himoya qilishning universal usuli yo‘q. Ko‘rishning susayib borishi qaytarib bo‘lmaydigan jarayon. Ishning sifatiga bajarilgan ishning tabiati, genetik jihatdan aniqlangan xususiyatlar, shuningdek, yuqori jismoniy faollik va ovqatlanish ta’sir qiladi.

Xalqaro konferensiyada oftalmologik yordamni tashkil etish masalalari, glaukoma, ko‘zning oldingi segmenti, ko‘z gavhari va orqa segment patologiyasini davolashda yangi texnologiyalar, shuningdek, oftalmologik diagnostikada innovatsion yechimlar, shu jumladan refraksiya anomaliyalarini tashxislash va davolashda zamonaviy yondashuvlar ko‘rib chiqildi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA