Moskva viloyati Istra shahri Padikovo qishlog‘idagi yotoqxonada yuz bergan yong‘inda O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘ldi.

Mamlakatimizning Moskvadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, yonib ketgan uyda 20 ga yaqin xorij fuqarosi, jumladan 11 nafar vatandoshimiz yashagan.

Ayni payt olov iskanjasida qolgan 8 kishining shaxsi aniqlanmoqda. Hayotdan ko‘z yumganlar orasida bizning fuqarolar ham bor. Hozir qurbonlar jasadi Istra shahri sud-tibbiy ekspertiza idorasida.

Mazkur fakt asosida RF Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sababchi bo‘lish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Vaziyatni elchixonamiz konsullik bo‘limi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi nazoratga olgan.