Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a’zo va kuzatuvchi davlatlar sudyalar kengashi raislari va vakillarining ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov ishtirok etmoqda.

Tadbirda TDTga a’zo mamlakatlarning Sudyalar kengashi, uning vazifa va vakolatlari bo‘yicha taqdimotlar qilinmoqda. Jumladan, nufuzli anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Bosh qomusimizga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.

Sudyalar oliy kengashiga konstitutsiyaviy maqom berilgani unga yuklatilgan vazifalarni mustaqil va samarali amalga oshirishning muhim konstitutsiyaviy kafolati hisoblanadi.

Qayd etish joizki, xalqaro standartlarda bunday vazifani amalga oshiruvchi organ maqomi konstitutsiyaviy tartibga solinishi yuksak e’tirof etiladi.

Mamlakatlar taqdimotidan so‘ng hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi. Tadbir yakuni bo‘yicha tegishli hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, TDT 2009 yil 3 oktyabrda “Naxchivan shartnomasi” asosida tashkil etilgan bo‘lib, Bosh kotibiyati Istanbulda joylashgan.

Tashkilot dastlab “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi” deb atalib,  unga Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Qozog‘iston a’zo bo‘lgan. O‘zbekiston 2019 yildan mazkur tashkilotning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. Vengriya va Turkmaniston esa kuzatuvchi maqomiga ega.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA