«Milliy raqs ijrochilari» ko‘rik-tanlovining g‘oliblari aniqlandi

248

Poytaxtimizda Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi «Milliy raqs ijrochilari» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi.

Ko‘rik-tanlov O‘zbekiston xalq artisti Mukarrama Turg‘unboyeva hamda o‘zbek raqs san’ati darg‘alari tomonidan sahnalashtirilgan milliy raqslarni yoshlarga yetkazish, milliy raqs san’atini yanada rivojlantirish, uni yuksak darajaga ko‘tarish va dunyo sahnalariga olib chiqish, iste’dodli ijrochilar va baletmeysterlarni kashf etish, ularni rag‘batlantirish va ijodini keng targ‘ib qilish, «Ustoz-shogird» an’anasini tiklash va rivojlantirish asosida zamonaviy raqs maktablarini yaratish maqsadida tashkil etildi.

Ko‘rik-tanlov milliy raqs ijrochiligi bo‘yicha 17 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan professional ijrochilar o‘rtasida ikki yo‘nalishda o‘tkazildi.

Birinchi yo‘nalishda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi hududiy bo‘linmalari tarkibidagi badiiy jamoalar, hududlardagi ta’lim muassasalari talabalari hamda professional erkin ijodkorlar qatnashdi.

Ikkinchi yo‘nalishda esa O‘zbekiston davlat filarmoniyasida faoliyat yuritayotgan ashula va raqs ansambllari, «Bahor» davlat raqs ansambli, filarmoniyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasi, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, akademiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Respublika xoreografiya ixtisoslashtirilgan maktab-internati, ta’lim muassasalari hamda professional erkin ijodkorlar ishtirok etdi.

Har bir yo‘nalish alohida baholanib, yo‘nalishlar bo‘yicha 1-, 2-, 3-o‘rin g‘oliblari aniqlandi.

Ko‘rik-tanlovning birinchi yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni Shug‘a Amanjolova (Navoiy viloyati), 2-o‘rinni Irodaxon Saidxo‘jayeva (Toshkent viloyati), 3-o‘rinni Mehriniso Avazmetova (Xorazm viloyati) egalladi.

Ko‘rik tanlovning ikkinchi yo‘nalish g‘oliblari esa 1-o‘rin Sevinch Shukurova («Navbahor» raqs ansambli balet artisti), 2-o‘rin Xushnozaoy Ergasheva («Bahor» davlat raqs ansambli balet artisti), 2-o‘rin Karina Hayitmatova (O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi 4-bosqich talabasi), 3-o‘rin Sitorabonu Irkinova («Shodlik» ashula va raqs ansambli balet artisti).

Mazkur ko‘rik-tanlovni Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston hamda Xalqaro turkiy tashkiloti — TURKSOY vakillaridan iborat xalqaro miqyosdagi hakamlar hay’ati baholab bordi. Tanlov g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining faxriy yorliqlari, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

N.Usmonova,  

O‘zA