London forumi ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi

196

Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari Londonda bo‘lib o‘tgan “Jahon ta’lim forumi – 2024” tadbirida ishtirok etib, ta’limning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan muhokamalarda faol qatnashdi.

Shu bilan birga, delegatsiyamiz tomonidan turli davlatlarning ta’lim kompaniyalari va tashkilotlari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Jumladan, Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov “Cambridge University Press and Assessment” tashkilotining Yevropa, Markaziy Osiyo va Pokiston ta’lim bo‘yicha hamkorlik rahbari Stiv King bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi va Cambridge vakillari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum O‘zbekiston talabalariga kelajak ko‘nikmalarini egallashga yordam beradigan ilg‘or ta’lim amaliyoti va texnologik yangiliklarni birlashtirishga qaratilgan.

Shuningdek, “Cambridge University Press and Assessment” tomonidan grant mablag‘i ajratilishi bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Ushbu grant ta’lim rahbarlari uchun texnologiya orqali ta’lim sifatini yaxshilashga imkoniyat yaratuvchi dasturdir.

Mazkur dastur ishtirokchilarga ta’lim natijalarini yaxshilash uchun ta’lim texnologiyalaridan  samarali foydalanish bo‘yicha ko‘nikma va bilimlarni beradi.

Bundan tashqari, forum davomida Wolverhampton universiteti vitse-prezidenti Ebraxim Aida bilan hamkorlik yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Wolverhampton universiteti bilan IT ta’limi sohasida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama etildi. Jumladan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bazasida Wolverhampton universitetining fakultetini ochish masalasi yuzasidan fikr almashildi va hamkorlik memorandumi imzolandi.

 

N.Rahmonova, O‘zA