Shu kunlarda Peru poytaxti Lima shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
Kecha ayollar o‘rtasida -55 kilogramm vazn toifasida o‘tkazilgan bahslarda hamyurtimiz Lyudmila Elefteriadi ishtirok etdi. Hamyurtimiz dast ko‘tarishda 74 kilogramm, siltab ko‘tarishda 93 kilo va ikkikurash natijasiga ko‘ra 167 kilogramm ko‘rsatkichga erishgan holda kuchlilar orasida 7-o‘rinni egalladi.
Bugun, 24 may kuni o‘tkaziladigan musobaqalarda 4 nafar sportchimiz jahon chempionati medallari uchun kurashga kirishadi.
Ayollar o‘rtasida -59 kilogramm vazn toifasida Marjona Abdumutalova hamda -71 kilogrammda Dilnoza Rahmatjonova, erkaklar o‘rtasida -81 kilo vazn toifasida Ruslan Rahmatjonov va -89 kilogramm vazn toifasida Bekzod G‘ofurjonov Lima supachasida o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
Chempionat musobaqalari 26 mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA