Unda vazni 100 kilogrammdan ortiq bo‘lgan dzyudochimiz Alisher Yusupov bronza medalini qo‘lga kiritdi va terma jamoamiz uchun yakkalik bahslari yakunlandi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, bu yilgi chempionatda terma jamoamiz tarkibida faqatgina Diyora Keldiyorova kumush, Alisher Yusupov esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Jami 107 davlat polvonlari qatnashgan mazkur jahon chempionatida Yaponiya terma jamoasi umumjamoa hisobida 3 ta oltin, 2 ta kumush, 4 ta bronza medal jamg‘arib, birinchi bo‘ldi.
Gruziya esa 2 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medali bilan ikkinchi o‘rinni band etgan bo‘lsa, Janubiy Koreya 2 ta oltin, 3 ta bronza evaziga kuchli uchlikka yakun yasab berdi.
O‘zbekiston terma jamoasi 1 tadan kumush va bronza medali bilan 11-o‘rinni egalladi. Bugun, 24 may kuni jahon chempionatida jamoaviy bahslar bo‘lib o‘tadi. Unda dunyoning 13 ta kuchli terma jamoasi 4 ta guruhda bellashadi. O‘zbekiston terma jamoasi ilk bosqichda Braziliyaga qarshi bahs olib boradi. Ushbu juftlik g‘olibi keyingi davrada Koreya Respublikasi — Avstriya uchrashuvida zafar quchgan terma jamoaga qarshi tatamiga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA