Maslahat dasturiga start berildi

234

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva Koreya bandlik va mehnat xizmati bosh kotibi Kim Dae Xvan boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Davlat mehnat inspeksiyasi faoliyatini isloh qilish, ikki davlat mehnat inspeksiyalari o‘rtasida mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda mehnat qonunchiligi va siyosati tizimini takomillashtirish bo‘yicha maslahat dasturiga ham start berildi.

Dastur doirasida mamlakatimizda mehnat qonunchiligi va siyosatining xalqaro standartlarga muvofiqligini o‘rganish, davlat mehnat inspeksiyasi faoliyati bilan tanishish, mehnat inspektorlari, mehnat muhofazasi mutaxassislari hamda ish beruvchilarni o‘qitish tizimini takomillashtirish, shuningdek soha xodimlarining ish samaradorligini oshirish rejalashtirilgan.

Yakunda dasturni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan ikki tomonlama kelishuv bitimi imzolandi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA