Adliya vazirligi: subsidiya uchun bir haftada 162 ming 117 ariza qabul qilindi
Joriy yil 30 aprelda davlatimiz rahbarining “2024 yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, joriy yil 15 maydan ipoteka kreditiga subsidiya olish uchun arizalarni qabul qilish boshlandi.
Adliya vazirligi tizimidagi davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arizalarni qabul qilish davom etmoqda.
Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, o‘tgan bir hafta davomida fuqarolardan subsidiya olish uchun 162 ming 117 ariza qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, ariza berish ikki xil usulda amalga oshiriladi: Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn, davlat xizmatlari markazlariga borib ariza beriladi.
Tahlillar aholidan onlayn arizalar ko‘proq tushayotganini ko‘rsatdi, ya’ni qariyb 70 foiz murojaat internet orqali yo‘llangan.
Eng ko‘p arizalar salmog‘i Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari va Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Tushayotgan arizalar tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosari raisligidagi komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha subsidiya ajratish yoki rad etish to‘g‘risida fuqarolarning telefon raqamlariga sms-xabar yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, arizalarni qabul qilish 2024 yil 1 noyabrgacha davom etadi.
N.Abduraimova,
O‘zA