Keyingi yillarda mamlakatimizda milliy kino san’ati rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu bo‘yicha tegishli hujjatlar qabul qilinmoqda.

Xususan, Kino saroyi Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi boshqaruviga berilib, uning negizida Kinochilar saroyi tashkil qilingan edi. Qurilganiga oltmish yil bo‘lgan ushbu maskan binosi uch yil avval mukammal ta’mirlandi. Filmlarni namoyish qilish, tomoshabinlarga qulaylik yaratish uchun zamonaviy sharoitlar yaratildi.

Katta-kichik zallar, yozgi kinoteatr va xonalar to‘liq jihozlandi. So‘nggi rusumdagi kinoproyektor, zarur texnika va uskunalar keltirildi. Bugun bu yerda jami 3 ming nafar tomoshabinni qabul qilish imkoni mavjud.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 16 may kuni Kinochilar saroyiga tashrif buyurdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, 2021 yil 19 iyunda davlat rahbarining “Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Hujjat bilan yarim asrga teng tarix va an’analarga ega bo‘lgan Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklandi. San’atning bu turi orqali mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik ko‘lami kengaydi.

Hujjat Milliy kino san’atining asriy an’analarini saqlash va rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Kinochilar saroyida joylashgan O‘zbekiston kino san’ati muzeyida mazkur kinofestivalga bag‘ishlangan bo‘lim tomoshabinlarning e’tiborini tortadi.

Ikrom AVVALBOEV,

Otabek MIRSOATOV(surat),

O‘zA