Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 16-17 may kunlari Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Rahbarlar keng qamrovli sheriklik va strategik hamkorlik masalalari majmuasini batafsil muhokama qiladilar. Shuningdek, Rossiya – Xitoy amaliy hamkorligini yanada rivojlantirishga doir asosiy yo‘nalishlar belgilanib, eng dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashiladi. Muzokara yakunida Qo‘shma bayonot va qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Vladimir Putin va Si Szinpin o‘zaro diplomatik munosabat o‘rnatilganining 75 yilligi hamda Rossiya va Xitoy madaniyati yillari ochilishiga bag‘ishlangan tantanali kechada birga ishtirok etadi.

Rossiya Prezidenti tashrifi dasturidan savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlik muhokama qilinishi kutilayotgan XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuv ham o‘rin olgan.

Rossiya yetakchisi Xeylunszyan provinsiyasi ma’muriy markazi – Xarbin shahrida sakkizinchi Rossiya – Xitoy EKSPO ko‘rgazmasi va mintaqalararo hamkorlik bo‘yicha to‘rtinchi Rossiya – Xitoy forumi ochilishi marosimida ishtirok etadi, Xarbin politexnika universiteti talabalari va o‘qituvchilari bilan uchrashuv o‘tkazadi.

O‘zA