O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Ichki ishlar vazirligi tomonidan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, dunyoqarashini yuksaltirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning may-iyun oylarida “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” shiori ostida vatanparvarlik va sport tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.
Joriy yilning 19 may kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida, bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida marafon va “Vatanparvarlik marshi” bo‘lib o‘tadi.
“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkaziladigan “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” marafonida ikki ming nafar yoshlar ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.
Ishtirokchi va mehmonlar uchun ko‘ngilochar dastur qamrovida uyushtiriladigan marafonda bosh sovrin – 10 million sum etib belgilangan. Musobaqada ikkinchi o‘rin sohibi 7 million, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan marafonchi 5 million sum bilan taqdirlanadi.
Yana bir e’tiborli jihati, “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” shiori ostida o‘tkaziladigan tadbirlar doirasida “Yoshlar jinoyati va huquqbuzarligidan holi mahalla”, “Yoshlarga eng ko‘p yordam ko‘rsatgan tadbirkor”, “Xavfsiz va ravon yo‘l”, voleybol bo‘yicha “Ichki ishlar vaziri kubogi”, “Zakovat” intellektual o‘yinlari nominatsiyasida g‘olib bo‘lganlarni taqdirlash, “Dillarda Vatan madhi” qo‘shiq va she’r, “Yosh huquqshunos” kabi ko‘rik-tanlovlar tashkil etiladi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirilishi nazarda tutilgan mazkur ommaviy sport tadbirining respublika final bosqichi joriy yilning 23 iyun kuni o‘tkaziladi.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA muxbiri