Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Bokuga tashrif buyurgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) raisi Ian Borgni qabul qildi. Uchrashuvda Armaniston – Ozarbayjon munosabatini yaxshilash masalasi muhokama qilindi. Davlat rahbari hozir ikki mamlakat o‘rtasida ziddiyat yo‘qligi, YeXHT Minsk guruhini hamda shu bilan bog‘liq barcha institutlarni tarqatib yuborish vaqti kelganini ta’kidladi.

***

Qozog‘istonda favqulodda vaziyat yuzaga kelgan hududlarda tezkor qutqaruv xizmatini amalga oshirish uchun toshqindan erta ogohlantiruvchi “Skymax” tizimi hamda suv toshgan joylarning raqamli xarita-chizmasi yaratiladi. Bundan tashqari, suvli ob’ekt haqida ma’lumot beruvchi hydro.gov.kz platformasi yo‘lga qo‘yiladi, deyilgan hukumat matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

***

Hindiston Eronning Chobahor portini xalqaro “Shimol – Janub” transport yo‘lagi doirasida tranzit tarmog‘iga aylantirish niyatida. 2016 yil Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Eronga kelganda bu haqda dastlabki bitim ham imzolangan.

Ushbu xabar tarqalgandan keyin, Davlat departamenti vakili Vedant  Patel jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda AQSH ma’muriyati Hindistonga sanksiya qo‘llashi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Shimol – Janub” transport yo‘lagi RF, Eron, Ozarbayjon va Hindistonning Yevrosiyo bilan savdo aylanmasini tezlashtirishga mo‘ljallangan qo‘shma loyihasidir.

***

Islom taraqqiyot banki (ITB) Qirg‘izistonga qishloq xo‘jaligi va maxsus texnika, qayta ishlovchi korxonalar uchun mashina va texnik jihozlarni lizing yo‘li bilan xarid qilish uchun 45 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda. Qirg‘iz Respublikasi suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligidan ma’lum qilinishicha, ayni maqsadda ITB dasturi missiyasi hamda vazirlik rahbariyati va davlat banklari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

***

Olmaotada Markaziy Osiyo 13-savdo forumi ish boshladi. “Kazinform” yozishichayu, bu yilgi tadbir “Savdo integratsiyasi: global darajaga chiqish” shiori ostida o‘tmoqda.

Osiyo, Yevropa, Yaqin Sharq, Buyuk Britaniya va AQSHdan 300 ga yaqin biznes vakili mintaqamizning savdo imkoniyati bilan tanishish uchun to‘plangan forum majlislarida raqamlashtirish, transport, logistika, muvofiqlashtiruvchi choralar, savdoni tartibga solish, Jahon savdo tashkiloti standarti hamda Markaziy Osiyoda savdoni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan omillar muhokama qilinadi.

***

Germaniya kansleri Olaf Shols 2025 yilgi saylovdan keyin ham lavozimida qolish istagi borligini ma’lum qildi

***

Buyuk Britaniya harbiy havo kuchlari lazer quroliga va o‘zi uchar qurilmalarni uchirish imkoniga ega oltita yangi harbiy kema quradi, deya bayonot berdi mamlakat mudofaa vaziri Grant Shapps.

“Telegraph” nashri vazir ma’lumotiga tayanib yozishicha, kemalar qirollikka raqib kuchini tiyib turish uchun zarur.

***

Agar AQSHga yetarli darajada migrant kelmasa, 2040 yilga kelib, mamlakat aholisi qisqara boshlaydi, o‘lim soni tug‘ilish miqdorini quvib o‘tadi, deyilgan Kongressning Byudjet boshqarmasi e’lon  qilgan hisobotda.

***

Keniyada mart oyidan buyon davom etayotgan kuchli yomg‘ir tufayli 277 kishi halok bo‘lgan, deb xabar tarqatdi“France Press” agentligi mahalliy hokimiyatga tayanib.

Ta’kidlanishicha, 290 ming kishi uyini tashlab chiqqan. Qurbonlar soni hali ko‘payishi mumkin, chunki 75 kishining taqdiri noma’lum.

***

Ukraina AQSHdan har hafta yangi qurol oladi, dedi Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan. Uning izoh berishicha, Kongress Kiyevga harbiy yordamni bir necha oy to‘xtatib qo‘ygach, Ukraina chohga  tushib qolgan. Endi Vashington mamlakatni tezroq chuqurdan olib chiqishga urinmoqda.

S.Rahimov, O‘zA