Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis avvalida Spiker o‘rinbosari, O‘zXDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov 2-3-may kunlari bo‘lib o‘tgan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida to‘xtaldi:

— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan mazkur an’anaviy tadbir o‘tgan qisqa davrda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli sheriklar bilan yangi kelishuvlarga erishishda samarali muloqot maydoniga aylandi. Jumladan, 2022-yil ilk forumga 56 davlatdan bir yarim mingga yaqin investor kelgan bo‘lsa, bu yil 93 ta davlatdan ikki yarim mingdan ortiq jahonning eng ilg‘or investorlari ishtirok etdi.

Xorijlik ekspertlar fikricha, ayniqsa, xalqaro maydonda kuzatilayotgan inqiroz davrida Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyati yanada yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Forumning yalpi majlisida mamlakatimiz Prezidenti ishtirok etib, o‘z nutqida forum mamlakatimizda ortga qaytmas tus olgan islohotlarga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan ulkan qiziqishdan dalolat berishini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha qator aniq takliflarni bildirdi. Jumladan, yangi tahrirdagi «Investitsiyalar to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishi, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlashi hamda sanoat zonalari tizimida investorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, Prezidentimiz xorijiy investorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 5 ta ustuvor yo‘nalishga alohida to‘xtaldi. Jumladan, «yashil» energetika, bank-moliya sohasi, foydali qazilmalarni chuqur qayta ishlash, IT transformatsiyasi, transport infratuzilmasini rivojlantirish borasida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Albatta, mamlakatimiz rahbarining g‘oyalari, tashabbuslari va takliflari mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqamizda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz, — dedi U.Inoyatov.

Muhtarama Komilova, O‘zA