Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlashini qayd etdi.

Ushbu sud O‘zbekiston sud-huquq tizimida alohida o‘ringa ega bo‘ladi. Buning uchun yaqin muddatlarda maxsus qonun qabul qilinadi. Protsessual kodekslarga ushbu xalqaro tijorat sudi qarorlari to‘laqonli ijro etilishiga oid me’yorlar ham kiritiladi.

Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shu masalaga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov Qatar moliya markazi sudyasi Frederik Deniel Yakobus Brend hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti bilan shu haqda fikr almashdi.

Ma’lumot uchun: Qatar moliya markazi hududida 2009-yilda Qatar xalqaro sudi va nizolarni xal qilish markazi tashkil qilingan. Markaz sud tizimiga kirmaydi, o‘z faoliyatini mustaqil, ishtirokchilar o‘rtasidagi nizolar va taraflarning roziligi mavjud bo‘lgan holda amalga oshiradi.

A.Toshqulov S.Chakrabarti loyiha ofisi bilan hamkorlikda Toshkent xalqaro tijorat sudi (TXTS)ni tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida TXTS faoliyatining ishga tushirilishi mazkur yo‘nalishda ilk qadamlardan biri hisoblanishi va bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni izchil rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

F.Brend, o‘z navbatida, Qatar moliya markazi sudi faoliyati yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etdi.

Tomonlar sudning yurisdiksiyasi, sudyalar tayinlov tizimi, sud qarorlarini ijroga qaratish, Qatar moliya markazi sudi hamda milliy sudlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yuzasidan atroflicha fikr almashdi.

N.Abduraimova, O‘zA