Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tayotgan uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «O‘zgarishlar va barqarorlik algoritmi: mintaqa va jahon iqtisodiyotini o‘zgartirishda sun’iy intellektning roli» mavzusida panel sessiyasi tashkil etildi.

Mazkur sessiyada raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, SocraticsAI va TRACE Capital Holdings bosh direktori Timoti Yun, Citigroup sobiq texnik direktori Antonio Benjamin, Yandex Machine Intelligence Lab rahbari Aleksandr Kraynov, Future & Solutions bosh direktori Andrea Lovato ishtirok etdi.

Ushbu panel sessiyasi sun’iy intellektning (AI) mintaqaviy va global iqtisodiyotlarni o‘zgartirishdagi ta’siri va rolini o‘rganishda muhim sanaladi.

Sessiya shuningdek, sun’iy intellektning kirib borishi natijasida kutilayotgan o‘zgarishlar hamda inklyuziv va barqaror kelajakni ta’minlash uchun ushbu yangi davr boshlanishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha masalalarni o‘z ichiga oldi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov sun’iy intellektning rivojlanishi katta imkoniyatlar ochishi bilan birga yangi xavflarni ham keltirib chiqarishi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u vazirlik missiyasidan kelib chiqib, sun’iy intellektdan insonlar hayotini yengillashtirish va qo‘shimcha daromadlar topishga imkoniyatlar yaratish uchun kengroq foydalanish hamda uning yordamida yangi paydo bo‘layotgan xavflarning oldini olish bo‘yicha ishlash kerakligi haqida gapirdi.

M.MADAMINOVA, O‘zA