Poytaxtimizda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Iqboljon Ergashev va Vetnam Ipakchilik uyushmasi tarkibidagi “HA BAO SILK” kompaniyasi, “MINHSANG” kompaniyasi hamda “TRUONG THAI TEA” kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiya azolari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvda ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan memorandum imzolandi.

Memorandumda O‘zbekistondagi ipakchilik korxonalarida ishlab chiqarilayotgan xom ipak sifatini yaxshilash bo‘yicha mutaxassislar jalb qilish, pillachilik klasterlari bilan birgalikda ipakni eshish va mato ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish, tashkil etilgan qo‘shma korxonalarni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, ishlab chiqarilgan mato va ipak mahsulotlari eksportini ta’minlash masalalari o‘rin oldi.

Shuningdek, pilla yetishtirishda Vetnam tajribasini joriy qilish, o‘rma tutzorlarni barpo etish, malakali mutaxassislarni jalb etgan holda sifatli ipak olishga erishish mazkur hamkorlikning o‘zagi hisoblanadi. Uchrashuvda ana shu jihatlarga e’tibor qaratildi.

Uchrashuvdan so‘ng vetnamlik mehmonlar “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi ipak mahsulotlari shourumi bilan tanishtirildi.

 

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA