Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli shoir va adib Abdusaid Ko‘chimov talabalar bilan uchrashdi.

Tadbir avvalida universitet rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov adibning “Asra” she’ri haqida fikr bildirib, bu barcha yurtdoshlarimizga, ayniqsa, yoshlarga da’vat ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuvda Abdusaid Ko‘chimov bugun yurtimizda kechayotgan yangilik va o‘zgarishlar, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi. O‘zining yoshlik davrlari va ayni chog‘dagi imkoniyatlarga to‘xtaldi. Dunyodagi vaziyat, “ommaviy madaniyat” ta’siri, undan yoshlarni asrash zarurligini ta’kidladi.

– Davlatning qudrati uning iqtisodiyoti mustahkamligi, qat’iy siyosati bilan birga xalqning o‘zini anglashi, g‘ururli va oriyatli bo‘lishiga ham bog‘liq, – dedi A.Ko‘chimov. – O‘zligini anglagan, uyg‘oq millat, xalqni yengib bo‘lmaydi. Biz ham har birimiz o‘zimizni Vatan deb, O‘zbekiston deb bilib yashasak, o‘qisak, mehnat qilsak, yurtimiz tezroq buyuk davlatlar qatoriga qo‘shiladi.

Uchrashuvda shoir “Asra” she’rini o‘qib berdi.

“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimovga Samarqand davlat universitetining faxriy professori unvoni berildi.

 

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari