Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.

Mutaxassislar mazkur forum mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatlarini ko‘rsatish, o‘zaro manfaatli loyihalarni kelishish uchun qulay maydon ekanligini ta’kidlashmoqda. Shu bois uning doirasidagi sho‘ba majlislari, davra suhbatlari, taqdimotlar, hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari kabi 40 dan ortiq tadbirlarda muhim masalalar muhokama qilinmoqda.

Ushbu tadbirlarda ishtirok etayotgan horijiy delegatsiya vakillarining fikrlarini havola qilishda davom etamiz.

– Biz bu nufuzli anjumanga taklif etilganimizdan mamnunmiz, – deydi OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi prezidenti Abdulhamid Al-Xalifa, – Jamg‘armamiz xalqaro tashkilot hisoblanadi, mablag‘larni rivojlanayotgan mamlakatlarga yo‘naltiramiz. Bugungi kunda 125 ta mamlakat bilan hamkorlik qilamiz. Davlat sektori va hukumatlar bilan hamkorlikda ishlaymiz. Energetika sohasini moliyalashtirish bo‘yicha loyihalarga to‘xtalmoqchiman. Infrastruktura har bir mamlakat uchun muhim. Energetika esa har qanday davlatning rivojlanishi uchun asos hisoblanadi. Energetikasiz muvaffaqiyatga erishish juda qiyin. Shu sababli biz dunyodagi energetika sektorini moliyalashtiryapmiz. Ular orasida Markaziy Osiyodagi davlatlari ham bor. Biz O‘zbekistonda ham “yashil loyiha”larni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda moliyalashtiryapmiz. O‘zbekistonda “yashil energetika”ga alohida urg‘u berilayotgani quvonarli. Biz bu jarayonda ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni forum dasturi doirasida OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi prezidenti Abdulhamid Al-Xalifani qabul qilgan edi.

 

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA