Bugun erta tongdan ko‘hna va boqiy Buxoroda II xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali festivalining “Mo‘jizalar karvoni” yo‘lga chiqdi.

Buxoroda o‘tkazilayotgan xalqaro festivalining asosiy tadbirlariga start berildi.

Erta tongdan Ark qo‘rg‘onidan “Mo‘jizalar karvoni” tantanali yurishi boshlandi.

Tadbirda bir qator davlatlardan madaniyat va san’at arboblari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, rasmiy tur-operatorlari qatnashmoqda.

Joriy yilning 3-5-may kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro festivalning maqsadi zardo‘zlik va zargarlik yo‘nalishlarida faoliyat olib boradigan, soha taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgan tajribali va iqtidorli hunarmandlarni kashf qilish, nodir va yo‘qolib borayotgan san’at asarlarini asrab-avaylash, tiklash, eng ilg‘or amaliy dasturlarni targ‘ib qilish, yosh avlodga ushbu hunarni o‘rgatgan holda viloyatlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, xalqaro miqyosda milliy brendni yaratish va ommalashtirishdan iboratdir.

Xalqaro festival davomida turli taqdimotlar, ko‘rgazmalar, musiqali teatr namoyishlari va ko‘ngilochar dasturlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Shuningdek, anjuman doirasida qadimiy shaharda “An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.

Ikkinchi marotaba bo‘lib o‘tayotgan tadbirda 42 ta xorijiy davlatdan 157 nafar hunarmand hamda mehmon tashrif buyurgan. Respublikamizning barcha hududlaridan jami 280 nafar mahalliy hunarmand kelgan. Shundan 115 nafari zargar, 50 nafari zardo‘z, 115 nafari boshqa yo‘nalishda faoliyat yurituvchi hunarmand hisoblandi.

Tadbirlarni yoritib borish uchun matbuot markazi ish boshladi. Matbuot markazida xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyat olib bormoqda. Festivalni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritish rejalashtirilgan.

Festivalning birinchi kunida ishtirokchilarning tantanali yurishlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi hamda matbuot anjumani va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),

O‘zA muxbiri