Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati takomillashtirilmoqda. Jumladan, ijro hokimiyati organlari faoliyatini transformatsiya qilish, barcha ishlarni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish, “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” g‘oyasi hayotga tatbiq qilinadi.

Shu maqsadga qaratilgan O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.

Bu borada Senat kengashining qarori bilan tegishli komissiya va ishchi guruhlar tashkil etildi. Xususan, 3-guruh mahalliy kengashlar deputatlarining maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kuchaytirish yo‘nalishi bo‘yicha ish olib bormoqda.

Senatda mazkur ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda  konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi loyihalari ko‘rib chiqildi. Unda mahalliy kengashlar deputatlarining maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kuchaytirish yo‘nalishi bo‘yicha vakillik organlarini tom ma’nodagi hokimiyat institutiga aylantirish, bu yo‘nalishda yangi tartib-taomillarni joriy etish masalalari ko‘zda tutilgan.

Ishchi guruh a’zolariga qator vazifalar belgilandi. Xususan, ular xalq deputatlari kengashlarining samarali faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilayotgan omil va sabablarni tahlil qiladi. Vakillik organlari faoliyatiga oid xorijiy tajribani o‘rganadi. O‘rganish natijalaridan kelib chiqqan holda konsepsiya loyihasi yuzasidan takliflar ishlab chiqadi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA