Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi davom etmoqda.

Nufuzli anjuman doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda ishtirok etayotgan xorijiy delegatsiya vakillarining fikrlari bilan qiziqdik.

– Forumning yalpi sessiyasi va shu doiradagi boshqa tadbirlarda ishtirok etdik, – deydi BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi Ijrochi kotibi Tatyana Molchan. – Jarayonni kuzatib ushbu anjumanning nufuzi yildan yilga oshib borayotganini ko‘rish mumkin. Qatnashchilar soni keskin oshganiga e’tibor qaratish lozim. Mamlakatingizda katta imkoniyatlar bor. Menimcha, hamkorlikda bu imkoniyatlardan keng foydalanish yo‘llarini ko‘rib chiqishning ayni vaqti.

Alohida-alohida islohotlar olib borishi mumkin, lekin hamkorlikda samara yaxshiroq bo‘ladi. Mahsulotlarni eksport-import qilish, rivojlanishga erishish uchun to‘g‘ri infratuzilmaga ega bo‘lishda bu muhim ahamiyatga ega. Shunda natijaga erishish jarayoni uzoq davom etmaydi. Shunday ekan, forum va uning doirasida tashkil etilayotgan tadbirlar davomida ilgari surilgan tashabbuslar juda muhim. Bu mintaqa uchun ham ahamiyatli.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Tatyana Molchanni qabul qildi. Mintaqa va mamlakat miqyosidagi loyihalarni amalga oshirish hamda o‘tgan yil noyabr oyida Bok-u shahrida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi.

 

O‘zA