Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

“ONA” axborot agentligi O‘mon Sultonligi savdo, sanoat va investitsiyaga ko‘maklashish vaziri Qays bin Muhammad Al-Yusuf, ushbu mamlakatning yurtimizdagi elchisi Vafo bint Jabr Al-Busaidiya xonim va qator tadbirkorlarining Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki xususida yozgan.

Maqolada anjumanning birinchi kuni global muammolarga alohida e’tibor qaratilib, muhim soha va tarmoqlar bo‘yicha Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun jozibadorlik namoyon etayotganiga oid dolzarb mavzular qamrab olingan sessiyalar, muhokama va munozaralar bo‘lib o‘tgani yoritilgan. Qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, turizm sohalari, qisqa va uzoq muddatli strategiyalar, manfaatdor tomonlar hamkorligi, samarali suv boshqaruviga investitsiya – yashil moliyaviy mahsulot, xalqaro institutlar tomonidan moliyalashtirish, bozorga asoslangan rag‘batlantirish, tartibga solish muhiti, yangi muqobil, ilg‘or texnologik yechimlar tahlili diqqat markazida bo‘lgani qayd etilgan.

Muallif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘mon Sultonligi savdo, sanoat va investitsiyaga ko‘maklashish vaziri Qays bin Muhammad Al-Yusufni qabul qilgani tafsilotiga ham alohida to‘xtalgan.

Suhbat chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy yo‘nalishlarda kengaytirish masalasi ko‘rib chiqilgani, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, turizm, geologiya, oziq-ovqat, to‘qimachilik, kimyo sohalarida, shu jumladan O‘zbekiston – O‘mon investitsiya kompaniyasi ko‘magida loyihalar amalga oshirish uchun ulkan salohiyat borligi ta’kidlanganiga urg‘u berilgan.

– Toshkentda eng yirik quruqlik portlari va bir qator zavodlardan tashqari yana ikki zavodda investitsiya zaxirasiga ega O‘mon – O‘zbek investitsiya kompaniyasi tashkil etildi, – deyilgan axborotda. – O‘monning tijorat va ishbilarmonlik markazlari ulushi 75 foizni tashkil qiladi.

Shuningdek O‘mon mulozimi tadbir doirasida mamlakatimiz investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan ham uchrashib, Sultonlikda bizning mahsulotlarimiz ko‘rgazmasini o‘tkazish, tovar ayirboshlash ko‘lamini kengaytirib, o‘zaro to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama etgani qayd etilgan.

O‘mon Sultonligining mazkur forumdagi ishtiroki ikki do‘st davlat o‘rtasidagi mustahkam munosabatning tasdig‘i sifatida savdo-investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, eng so‘nggi iqtisodiy va sarmoyaviy o‘zgarishlar, imkoniyatlarni taqdim etish maqsadini ko‘zlagani qo‘shimcha qilingan.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA