“Pullaringizni himoya qiling, kelajagingizni ta’minlang”.

Mazkur shior dunyoning 170 dan ortiq mamlakatida bo‘lib o‘tayotgan “Umumjahon pul haftaligi – 2024” (Global Money Week) tadbirlarining shioriga aylandi.

“Global Money Week” – bolalar va yoshlarning moliya bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan har yili o‘tkaziladigan global ta’lim kampaniyasidir. Yoshlarga o‘z mablag‘larini yaratish va ulardan samarali foydalanish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy ko‘nikmalarni o‘rgatishni maqsad qilgan haftalik doirasida “O‘zmilliybank” AJ xodimlari ham faol ishtirok etdi.

“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatiga biriktirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo hamda Surxondaryo viloyatlarining shahar va chekka hududlaridagi jami 21ta maktabning 1200 ga yaqin o‘quvchilari hamda Toshkent shahridagi ikkita universitetdan 240 nafardan ortiq talabalari uchun mahorat darslari tashkil etildi. Noan’anaviy mashg‘ulot tarzida tashkil etilgan jarayon bank xodimlarining amaliy tajribalari, boy nazariyasi asosida qiziqarli hamda interaktiv ko‘rinishda olib borildi.

Kuzatadigan bo‘lsak, bolalarda bog‘cha yoshidan boshlab pul yig‘ishga bo‘lgan ehtiyoj yuzaga kela boshlaydi. Sababi ma’lum bir yoshga yetganda ularda o‘z ehtiyojlari uchun shaxsiy mablag‘ga bo‘lgan talab paydo bo‘ladi. Aksariyat kichkintoylar bu paytda maxsus qutilarda o‘z jamg‘armalarini to‘plashni odatga aylantiradi. Natijada ularda pulga bo‘lgan munosabat shakllanib boradi. Demak, maktab yoshidayoq uning moliyaviy savodxonligini to‘g‘ri yo‘naltirish bolaning porloq kelajagi va ulkan muvaffaqiyatlari uchun omil bo‘lishi mumkin.

“Umumjahon pul haftaligi” doirasida o‘tkazilgan mahorat darslarida asosan pullarni to‘g‘ri sarflash, firibgarlar tuzog‘iga aldanmaslik, bank kartalarini to‘g‘ri boshqarish, banklar tomonidan taklif etilayotgan xizmatlar bo‘yicha umumiy tushunchalar berildi. Qiziqarli tanlovlar asosida uyushtirilgan dars mashg‘ulotlarida eng faol va zukko o‘quvchi hamda talabalar “Milliy bank” brendi tushirilgan esdalik sovg‘alarini qo‘lga kiritdi.

– Albatta, bugun aksariyat yurtdoshlarimizning fikriga ko‘ra, pul sarflash pul topishdan ancha oson. Aslida, pulni to‘g‘ri yo‘naltirish hamda o‘z o‘rni bilan ishlatish moliyachilar nazdida uni qo‘lga kiritishdan ko‘ra qiyinroqdir, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Imomiddin Mirzo Imomov.

– Mazkur dars jarayonida esa biz faqat nazariy asoslarni tahlil etmadik, aksincha amaliy tajribalarni o‘rtoqlashdik. Kunning muhim mavzusi bo‘lgan dolzarb masalalarda o‘ziga xos takliflar, muammolar hamda ularning yechimlari to‘g‘risida bahslashdik. Eng asosiysi, menda eng yaxshi taassurot qoldirgani bu mashg‘ulotlarning faqat nazariy jihatlarini o‘rgangan pedagoglar tomonidan emas, ayni amaliy jarayonda faoliyat yuritayotgan bankirlar tomonidan olib borilgani bo‘ldi.

Ushbu haftalik doirasida “O‘zmilliybank” AJ jamoasi tomonidan ta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlari olib borilayotgani bilimdon yoshlarni bir davraga jamlash, bank-moliya sohasiga qiziquvchi o‘quvchi-talabalarni saralash imkonini berdi. Eng asosiysi, tadbir maqsadiga to‘liq xizmat qiluvchi ma’lumot hamda ko‘nikmalar yoshlarga yetkazildi.

 “O‘zmilliybank” AJ Matbuot xizmati