Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etayotgan barcha yuqori martabali xorijiy mehmonlar yurtimiz haqida ijobiy fikr bildirmoqda.

Nazira Nurbayeva, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari:

– O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarining bevosita sa’y-harakati natijasida o‘tgan yil o‘zaro yillik savdo aylanmasi 4 milliard dollardan oshdi. Ushbu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Ayni maqsadga erishish uchun allaqachon jadal ish olib borilmoqda. Jumladan, ikki davlat o‘rtasida jami 56 yangi qo‘shma korxona ochildi. Umumiy qiymati 3.6 milliard dollarga teng 46 ta yangi loyiha ishga tushish arafasida. Qolaversa, Markaziy Osiyo iqtisodiy yo‘lagi Belarus – Rossiya Federatsiyasi – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston yo‘nalishi bo‘ylab Yevropa bilan bog‘lanish imkonini beradi.

Marko Archelli, “ACWA Power” kompaniyasi bosh direktori: 

– O‘zbekiston yashil energetika sohasida erishayotgan muvaffaqiyat iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Biz uchun muayyan davlatning yashil energetikani rivojlantirish bo‘yicha aniq tasavvurga egaligi, shuningdek ochiq va konstruktiv muloqotga tayyorligi doimo muhim. Bu jarayonda har qanday qaror tez qabul qilinadi. Bugun biz 5 gigavatt quvvatli shamol energetikasiga oid yangi shartnoma imzoladik.

Mehmet Arif Ozozan, “UCC Holding” klasteri bosh ijrochi direktori:

– Men O‘zbekistonni yaxshi bilaman, 10-yil oldin ham kelib, biznes bilan shug‘ullanganman. Turkiy millat vakili bo‘lganim sabab, bu yerdagi madaniyat, an’ana va boshqa ko‘p jihatlar ko‘nglimga yaqin.

Hozir avvalgi kelganimga qaraganda, juda katta ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rdim. Sarmoyadorlar uchun ajoyib muhit shakllantirilgan. Bu respublika uchun juda katta yutuq. Taraqqiyot sari bunday tezlikda harakatlanish kishini hayratga soladi. O‘zbekiston juda qisqa muddatda ulkan natijalarga erishgani bilan faxrlansa arziydi. Mamlakat xalqaro investorlar uchun o‘z jozibadorligini muntazam oshirib, ularning diqqatini tobora ko‘proq jalb etmoqda.

Umuman, bizning investitsiyamiz bu gal uzoq muddatli va har ikki mamlakat uchun birdek manfaat keltiradi.

O‘sib borayotgan iste’mol bozori, ishchi kuchi doimiy yangilanib borishi, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi transport yo‘laklarida strategik joylashuv, 6 000 dan ziyod mahsulot uchun Yevropa Ittifoqi bozoriga tarifsiz kirish imkoniyati, boy tabiiy resurslar va raqobatbardosh xarajat respublikada investorlar uchun qulay biznes sharoitini yuzaga keltirgan.

Umar N. Al-Midaniy, “Vision Invest” kompaniyasi rahbari:

– Ko‘plab xalqaro korporatsiyalar O‘zbekistonga sarmoya kiritish istagini bildirayotganini ko‘rib, beixtiyor o‘zingizcha “bu mamlakatda ish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan” deya xulosa chiqarasiz va samolyotga o‘tirasiz. To‘g‘risi, ilgari yurtingizda bo‘lmaganman, O‘zbekiston haqida tasavvurga ham ega emasdim. Shu bois bunday go‘zal mamlakat, mehmondo‘st xalqni ko‘rib, hayratga tushdim. Shuningdek, bu mamlakat uzoqni ko‘zlab boshqarilayotganini ham sezish qiyin emas. Maqsadlari, qaysi yo‘nalishda harakatlanayotgani aniq bu davlat rahbariyatining. Mas’ullar bilan suhbatlashib, darrov “Bu o‘sha menda ishonch uyg‘otgan hamkor” degan xulosaga kelasiz.

“Vision Invest” kompaniyasi O‘zbekistonda bir yil oldin ish boshlagan. Hozir turli imkoniyatlarni ko‘rib chiqyapmiz. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, bu yerdagidek barcha zarur tarkibiy qismlar mavjud ekotizimni hamma yerda ham uchratavermaysiz.

Mamlakatning bugungi kuni menga saudiyaliklar 2015-yil boshidan kechirgan transformatsiyani eslatdi. Hozirgi o‘zgarishlar qimmatini anglash uchun 2017-yilgacha va keyingi O‘zbekiston o‘rtasidagi farqni tushunish kerak.

Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat),O‘zA