Toshkent xalqaro investitsiya forumida “Suv resurslarini boshqarishda hukumat, biznes va jamiyatning roli” mavzusida sessiya o‘tkazildi.

Ushbu munozara yig‘ilishida suv resurslarini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘llari muhokama qilindi, turli tashabbuslar ilgari surilib, strategiyalar taqdim etildi.

“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Dilshod Azimov Shveysariya bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma sinov loyihasi haqida ma’lumot berdi. Spiker so‘zlariga ko‘ra, ushbu tajriba suv ta’minoti va mintaqaning ekologik xavfsizligini sezilarli darajada yaxshilashga imkon beradi.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan asosiy rivojlanish yo‘nalishlari orasida mamlakat aholisining 90 foizini toza suv bilan ta’minlash rejasi ham borligini ta’kidlandi.

– Zimmamizdagi vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun xalqaro moliyaviy tashkilotlar jumladan, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi yirik biznes tuzilmalari hamda tegishli davlat idoralari bilan faol hamkorlik qilish zarur, – deydi D.Azimov.

SWS kompaniyasi biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Abdul Vahob Sharif ishtirokchilarni “O‘zsuvta’minot” bilan birga amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik loyiha bilan tanishtirdi. Markaziy Osiyo miqyosida sohaning eng yirik loyihasi bo‘lishi kutilayotgan mazkur tashabbus tufayli Salor va Bektemir suv resurslaridan foydalanish samaradorligi keskin oshadi. Shuningdek, investor Ab-u Dabida yo‘lga qo‘yilgan suvni to‘plash, tozalash va qayta foydalanishga yo‘naltirishni o‘z ichiga oluvchi tizim bilan ishlash tajribasi haqida ham gapirib, O‘zbekistonda shunga o‘xshash texnologiya va yondashuvni joriy etish taklifini bildirdi. Qayd etish joiz, mazkur texnologiya mamlakatda suv resurslarini samarali tasarruf etish borasida yangi qadam bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Toshkent forumi doirasida kun tartibiga kiritilgan munozara, davra suhbatlari davlat, biznes va jamiyatning muammolarni hal etish hamda muhim yo‘nalishlar bo‘yicha kelgusi xavf-xatarlarga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi hamkorligi muhimligini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA