O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Nukus “Temurbeklar maktabi”da Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi bilan hamkorlikda “Vatan – ulug‘, burch – muqaddas” g‘oyasi ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, Prezidentimiz rahbarligida bugungi kunda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda yoshlarni har tomonlama bilimli, jismoniy chiniqqan, yetuk insonlar qilib tarbiyalashga, o‘quvchi-yoshlarning harbiy bilimlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan “Temurbeklar maktabi” bugungi kunda harbiy sohaga istiqbolli kadrlarni tayyorlashda alohida o‘rin egallaydigan o‘quv maskanlarining biriga aylanib bormoqda.
Mazkur o‘quv yurtlarida o‘tkazilayotgan “Vatan – ulug‘, burch – muqaddas” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlar hayotida katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Tadbirda yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytiradigan turli badiiy chiqishlar, Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, shuningdek, harbiy mashqlar va harbiy texnikalar ko‘rgazmalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida arqon tortish va turnikda tortilish musobaqalari o‘tkazilib, g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi tasarrufidagi harbiy-akademik litseylarda tahsil olayotgan o‘quvchilarning eng iqtidorlilarini aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda qobiliyatlarini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilning 24-26-aprel kunlari Nukus shahrida “Amir Temur izdoshlari” O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi kubogi fan olimpiadasi tashkil etildi.
Unda “Temurbeklar maktabi”, “Yosh chegarachilar” va “Jaloliddin Manguberdi” harbiy-akademik litseylarning o‘quvchilari O‘zbekiston tarixi, ingliz tili, matematika va fizika fanlaridan bellashdi.
Fan olimpiadasi yakunlariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi jamoasi umumjamoa hisobida faxrli birinchi o‘rinni, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi jamoasi ikkinchi o‘rinni va Mudofaa vazirligining Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Fan olimpiadasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan barcha o‘quvchi va jamoalar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri