Davlatimiz rahbarining 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmoni aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambag‘allikni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu farmon asosida har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha shahar va tuman hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani “Choyko‘l” ovul fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi tomonidan aholini tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini ta’minlash, kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yili “Tashabbusli byudjet” dasturi bo‘yicha 1 ming 400 metr asfalt yo‘lni ta’mirlash ishlari olib borildi, Davlat dasturi asosida “Qoraqipchoq” aholi punktiga 1 ta transfarmator o‘rnatildi.
Hokim yordamchining tashabbusi bilan o‘tgan yil davomida mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yangidan 34 ta tadbirkorlik subyekti tashkil qilindi. Bundan tashqari, ovul fuqarolar yig‘inidagi ishsiz ayollar va uyushmagan yoshlarga issiqxona, asbob-uskuna yo‘nalishlari bo‘yicha 12 nafar fuqaroga 109,4 million so‘m miqdorida subsidiya ajratildi.
Hokim yordamchisi Rustam Rahimovning ta’kidlashicha, ushbu yo‘nalishdagi ishlar joriy yilda ham davom etmoqda. Jumladan, 33 nafar fuqaroga o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida 425 million so‘m kredit mablag‘i olib berildi. Yangidan 3 ta yuridik, 18 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. 36 nafar yoshning bandligini ta’minlash maqsadida yer maydoni olib berish rejalashtirilgan.
Ovulda yashovchi Dilnoza Erimbetova ko‘chma savdo do‘koni hamda avtomobillarni yuvish xizmatini yo‘lga qo‘ygan. Yakka tadbirkorni o‘z faoliyatini yanada rivojlantirishi uchun uni qo‘llab-quvvatlab, bu boradagi yangiliklarni yetkazish va yordam berish maqsadida amaliy ishlar qilinmoqda. Ayni paytda uning ko‘chma savdo do‘konida kundalik ehtiyoj uchun barcha oziq-ovqat mahsulotlari va maishiy vositalar mavjud.
Choyko‘l ovulida yashovchi Mahmud Norboyev 2012-yildan buyon issiqxonada dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanib keladi. “Amangul agro dunyosi” mas’uliyati cheklangan jamiyatga tomorqachining faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida 7-yil muddatga 36 oy imtiyozli davr bilan 14 foizdan 230 million so‘m kredit mablag‘i olishda hamda issiqxona qurilishida hokim yordamchisi amaliy yordam berdi. Dastlab 3 sotix yer maydonida tashkil etilgan issiqxona yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda mashaqqatli mehnat natijasida 21 sotixga yetgan. Issiqxonada bodringning 3 xil navi yetishtirilmoqda.
–Joylarda hokim yordamchisi lavozimining joriy etilishi tadbirkorlarning mushkulini oson qilmoqda, – deydi Mahmud Norboyev. –Issiqxonani kengaytirish va ochiq maydonni auksionda yutib olishimda hokim yordamchisi ko‘p yordam berdi. Tomchilatib sug‘orish tizimining joriy etilishi suv resurslari va mineral o‘g‘itni tejash, shuning evaziga hosildorlikni oshirish imkonini bermoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan yangi lavozim, darhaqiqat, aholining yaqin yordamchisi, ko‘makdoshi bo‘lib qolmoqda. Amudaryo tumanidagi hokim yordamchilarining faoliyati bilan tanishganimda buning guvohi bo‘ldik.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA muxbirlari