Prezidentimizning joriy yil 9-fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasining mavjud tabiiy xom ashyo resurslaridan samarali foydalanish orqali sanoat, qishloq xo‘jaligi sohalarini jadal rivojlantirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, tadbirkorlik va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash, shu asosda aholi bandligini ta’minlash hamda turmush darajasini oshirish maqsadida bir qancha chora-tadbirlar belgilab berilgan edi.

Mazkur hujjat asosida turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish uchun Orol dengizi bo‘yida mobil aloqa va internet tarmog‘i, xususan, Orol dengizi bo‘yidagi “Aral Plaza” turistik dam olish maskani yonida Ucell mobil operatorining yangi tayanch stansiyasi qurilib, ishga tushirildi.

Qonunchilikka muvofiq, 2024-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kichik sanoat zonalari, yoshlar, tadbirkorlik va sanoat zonalari infratuzilma obyektlari uchun 5 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA