Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi “Bo‘ston Silk” mas’uliyati cheklangan jamiyatida joriy yil hosili uchun ipak qurtini boqish mavsumi boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda sektorlar rahbarlari, ovul va mahallalar raislari, xotin-qizlar faollari, kasanachilar hamda aloqador tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi “Pillachilik sohasida kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda ipak qurtini parvarish qilishda kasanachilikni yanada rivojlantirish, yangi tutzorlarni barpo etish orqali pillachilik va tutchilik yo‘nalishidagi klasterlar va fermer xo‘jaliklari hamda pilla yetishtirishga ixtisoslashgan uy xo‘jaliklari tashkil etish, shuningdek, pilla xomashyosi yetishtirishning ozuqa bazasini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yilda Ellikqal’a tumani pillakorlari tomonidan 202 tonnadan ziyod “kumush tola” xirmonini yaratish rejalashtirilgan. Sohada o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan tumanda joriy yilda 3 ming 141 quti ipak qurti parvarishlanadi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan ipak qurtini parvarishlash mavsumiga tayyorgarlik ishlari, urug‘larni to‘g‘ri jonlantirish, qurtlarni kichik va katta yoshlarida agrotexnik talablar asosida parvarishlash hamda pilla o‘rash davrida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan tadbirlar bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar berildi. Joriy yilda Ellikqal’a tumanida 259 fermer xo‘jaligi va 1250 nafar kasanachi bilan ipak qurtini parvarishlash bo‘yicha shartnoma tuzildi. Har bir yetishtirilgan 1 kilogramm pillaga 40 ming so‘mdan pul berilishi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida o‘tgan yilda pilla topshirish rejasini ortig‘i bilan bajargan ovul va mahalla faollariga hamda kasanachilarga sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, ishtirokchilarga “kumush tola”dan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri