O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashida Qirg‘iz Respublikasi Sudyalar kengashi a’zolaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda izchil davom etayotgan sud-huquq islohotlari, ularning natijalari bilan yaqindan tanishish maqsadida tashrif buyurgan qardosh xalq delegatsiyasiga yurtimizda professional sudyalar korpusini shakllantirish borasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Mutasaddilar joriy etilgan yangi tartiblar, sudyalik lavozimiga nomzodlarni tayyorlash, tanlov asosida tanlash va tayinlash, tizimda ochiqlik va shaffoflik ta’minlanishining huquqiy asoslari bo‘yicha so‘zlab berdi.

Mehmonlar amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etilgan sudyalar faoliyati samaradorligini elektron reyting baholash tizimi, uning mezonlari, Kengash huzurida tashkil etilgan O‘zbekiston Sudyalar klubi faoliyati, ayniqsa, klubning elektron platformasining ish samaradorligini yanada oshirishdagi ahamiyati va afzalliklari bilan yaqindan tanishdi.

Ta’kidlandiki, Qirg‘iz Respublikasi Sudyalar kengashi delegatsiyasining tashrifi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlariga e’tibor, shuning barobarida ularning amaldagi e’tirofi ham hisoblanadi.

Do‘stona va konstruktiv o‘tgan uchrashuvda ikki davlat sudyalari hamjamiyatlari o‘rtasida tajriba almashish va hamkorlikning istiqbollari ham muhokama qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya a’zolari Kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabiga tashrif buyurib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash borasidagi joriy talab va tartiblar, amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida mehmonlar Sudyalar oliy malaka hay’ati rahbariyati bilan ham uchrashadi. Oliy sud va poytaxtdagi fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar faoliyati bilan yaqindan tanishadi.

N.Abduraimova, O‘zA