Joriy yilning 28-aprel kuni mamlakatimizning 15 ta shahrida “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda birga yuguramiz” shiori ostida “Yangi nafas” yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Shu munosabat bilan Nukus shahrida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi hamda O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi mutasaddilari tomonidan musobaqaga tayyorgarlik bo‘yicha ma’lumot berildi.
Musobaqadan ko‘zlangan maqsad aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng yoyish, odamlarni bir maqsad atrofida birlashtirish, yildan yilga ommalashib borayotgan salomatlik tadbirlarining darajasini yuksaltirishdan iboratdir. Barcha shaharlarda ommaviy yugurish musobaqasi bir vaqtda, ertalab soat 06:00 da boshlanadi. 3 km masofaga o‘tkaziladigan yugurishda oliy ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, huquqni muhofaza qilish organlari, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi hamda mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 7 ming 100 nafardan ziyod ishtirokchining qatnashishi kutilmoqda. Musobaqani 26 nafar hakam nazorat qilib borsa, 25 nafar volontyor yaqindan yordam beradi.
Musobaqa yakunida sovrinli o‘rin egalari hamda 25 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar taqdirlanadi. Ishtirokchilarga harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, madaniyat xodimlarining konsert dasturi namoyish etiladi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri