Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Seul shahrida «Uzbekistan Outsourcing Conference» tadbiri o‘tkazildi.

Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda AKT sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, IT kompaniyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, joriy etilgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, IT sohasidagi ko‘plab yirik xorijiy kompaniyalar o‘z faoliyatlarini O‘zbekiston IT Park rezidenti sifatida yuritib, yaratilgan imtiyozlardan foydalangan holda eksport hajmini keskin oshirayotgani, bunday harakatlar O‘zbekistonda yoshlar uchun yuqori maoshli ish o‘rinlaridan dalolat ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, Janubiy Koreya Respublikasi xavfsizlik va davlat boshqaruvi vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida 2012-yilgacha ishlagan Kim Nam Seok so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari ikki davlat uchun ham manfaatli ekanini e’tirof etdi.

Ta’kidlash joizki, janob Kim Nam Seok 2013-2017-yillarda O‘zbekistonda AKT vazirining o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritgan birinchi chet el fuqarosidir. U Koreya tajribasi asosida elektron hukumatning yurtimizda rivojlanishiga hissa qo‘shgan.

Tadbir davomida o‘z eksport salohiyatini yanada oshirish istagi bilan tashrif buyurgan, IT Parkning 10 dan ortiq rezidentlari hamda ularning xizmatlariga qiziqish bildirgan kompaniya rahbarlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil qilindi.

Tadbir yakunida yurtimizdagi IT va xizmat ko‘rsatish sohasiga qiziqish bildirayotgan korxona rahbarlari uchun IT Park rezidentlarining xizmatlarini ko‘proq yoritib berish, O‘zbekistondagi mavjud imkoniyatlarni Janubiy Koreya va Osiyo davlatlarida yanada yoritish va 2030-yilga kelib 5 mlrd. AQSH dollari eksport hajmiga chiqish uchun Koreya hukumati, vazirlik va IT Park o‘rtasida aloqalarni kuchaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Tadbir yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonga Koreyaning 10 dan ortiq AKT sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalarining kirishi va yurtimizda o‘z shu’ba korxonalarini ochishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, vazir Sherzod Shermatov xizmat safari davomida Koreyadagi vatandoshlar bilan uchrashdi.

Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasining Koreyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi va unda 50 dan ortiq vatandoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuv yakunida savol-javoblar tashkil etildi. Unda ishtirokchilar bilan O‘zbekistonda IT sohasida so‘nggi yillar davomida yaratilgan imkoniyatlar, shu jumladan, startaplar ekotizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar, davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiyalar, shuningdek, IT xizmatlar eksportini oshirish borasida hamkorlik yo‘nalishlarida fikr almashildi.

 

N.Rahmonova, O‘zA