Joriy yilning 27-aprel kunidan 7-may kuniga qadar Osiyo boks konfederatsiyasi tomonidan Qozog‘istonning Ostona shahrida 22 yoshgacha va o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Unda boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Mazkur Osiyo chempionatida 2002, 2003, 2004 va 2005-yillarda tug‘ilgan yigit-qizlar 22 yoshgacha bo‘lgan toifada ishtirok etishi mumkin. 2006 va 2007-yillarda tug‘ilgan bokschilar esa ushbu qit’a miqyosidagi musobaqada o‘smirlar yo‘nalishida ringga ko‘tariladi.
Xo‘sh, mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining imkoniyatlari qanday baholanmoqda?
Albatta, so‘nggi yillarda turli yosh toifasidagi mamlakatimiz terma jamoalari boks bo‘yicha o‘tadigan nufuzli musobaqalarda g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlardan hisoblanadi. Shu o‘rinda, o‘tgan yillardagi mazkur yosh toifalarida mamlakatimiz charm qo‘lqop ustalari qayd etgan natijalarga e’tibor qaratsak.
2023-yil yanvar oyida Bangkok shahrida boks bo‘yicha 22 yosh toifasidagi so‘nggi ASBC Osiyo chempionatida terma jamoamiz 14 oltin, 4 kumush va 3 bronza medalini qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi. Noyabr oyida Ostonada o‘tgan yoshlar Osiyo chempionatida 8 tadan oltin va kumush hamda 4 bronza medali bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Ko‘rinib turibdiki, mazkur yosh toifasida bokschilarimiz doimo yuqori pog‘onalarni egallab kelmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirish 2023-yilning dekabr oyida respublika miqyosida boshlandi. Saralangan tarkib esa Ispaniya, Ruminiya, Bolgariya, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarda o‘tkazilgan turli xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, o‘z ustida ishladi.
Shu tariqa, bu yilgi qit’a birinchiligiga jamoa shakllandi va tarkibdan Osiyo chempionlari, jahon chempionati sovrindorlari o‘rin egalladi. Bu esa Osiyo chempionatida bokschilarimiz bir necha vazn toifasida g‘oliblik shohsupasidan o‘rin olish imkoniyatini yaratadi.
Ostonada o‘tishi kutilayotgan Osiyo chempionatining 22 yoshgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari orasida hamyurtimiz, 54 kilogrammgacha vaznda 2024 yilgi Parij Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Nigina O‘ktamova ham borligi mazkur vaznda oltin medalni qo‘lga kiritishimizga imkon yaratadi. Shuningdek, bu musobaqa Nigina uchun to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga tayyorgarlik bosqichini o‘taydi.
Shuningdek, tarkibimizda Farzona Fozilova (48 kg), Gulsevar G‘aniyeva (50 kg), Feruza Kazakova (52 kg), Mohinabonu Abdullayeva (63 kg), Aziza Zokirova (75 kg) va Oltinoy Sotimboyeva (81 kg) kabi bir qator xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan bokschilarimiz borligi, Jasmin Tohirova (48 kg), Zilolaxon Yusufova (52 kg), Uzukjamol Yunusova (54 kg), Sanobar Bozorboyeva (75 kg), Sobiraxon Shahobiddinova (+81 kg) va Ruxshona Shakarovadek (66 kg) iqtidorli sportchilarimiz o‘rin olgani, uch karra Osiyo chempioni Oisha Toirova (70 kg) joy egallagani Ostonada favoritlar qatorida ekanimizga yana bir dalildir.
Chempionatning o‘g‘il bolalar bahslarida 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar qatorida Asilbek Jalilov (51 kg), Shodiyorjon Meliqo‘ziyev (48 kg) Xo‘janazar Nortojiyev (54 kg), Shavkatjon Boltayev (67 kg) va Javohir Ummataliyev (75 kg) qit’a chempionligi uchun asosiy da’vogar hisoblanmoqda. Ayniqsa, Fazliddin Erkinboyevning mazkur chempionatda imkoniyatlari o‘ta yuqori baholanmoqda. U so‘nggi paytlarda o‘tkazilgan barcha musobaqalarida g‘alaba qozongan. Jahon va Osiyo chempioni, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Bahodir Jalolov ortidan borayotgan, superog‘ir vazn toifasidagi (+92 kg) Jahongir Zokirovning ayni paytda Osiyo chempionati oltin medaliga ega chiqish imkoniyati yuqori baholanmoqda.
Shu o‘rinda, Ostona shahri mezbonlik qiladigan, Osiyo chempionatida Abdulaziz Abdunazarov (51 kg), Sobirjon Tastanov (54 kg), Mironshoh Norqoshimov (60 kg), Abdulloh Tohirov (63,5 kg), Maqsudxon Meliyev (92 kg) va Shahzod Polvonov (+92 kg) kabi yosh iqtidorli sportchilarimizning texnik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ha, bugun o‘zbek yoshlari turli sport musobaqalarida g‘alaba qozonib, xalq ishonchini oqlamoqda, Vatan sha’nini yuksaltirmoqda. Umid qilamizki, bu galgi qit’a birinchiligida ham bokschilarimiz yorqin g‘alabalari bilan bizni xursand qilishadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA