Qoraqalpog‘iston Respublikasi Axborot-kutubxona markazida “Kitobsevar millat” shiori ostida an’anaviy IV respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi “2020 – 2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, aholi, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, nashriyotlar va ijodkorlar faoliyatiga ko‘maklashish, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z yuritildi.

Haftalik “Yangi adabiyotlar bilan tanishing!” mavzusida kitob ko‘rgazmasi hamda “Kutubxona bo‘ylab sayohat” tadbiri bilan boshlandi. Shuningdek, Qoraqalpoq adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200-yilligi munosabati bilan “Yurtini e’zozlab, kuylagan shoir”, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni I.Yusupov tavalludining 95-yilligiga bag‘ishlangan “She’rlari qalblarga halovat bag‘ishlagan shoir”, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston Qahramoni T.Qayipbergenov tavalludining 95-yilligiga bag‘ishlangan “Uyg‘oq qalb hamon oramizda”, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70-yilligiga bag‘ishlangan “Vatanini ulug‘lagan shoir!” mavzularida adabiy kechalar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” munosabati bilan yosh tadbirkor D.Panayev bilan “Iqtidorli yoshlar-millat g‘ururi, mamlakat tayanchi”, “23-aprel – Xalqaro kitob va mualliflik huquqlarini himoya qilish kuni”ga bag‘ishlangan “Insonning huquqi va erkinligining kafolatihuquq ustuvorligidadir”, “Ma’naviyat yoshlarga qanot” mavzularida davra suhbatlari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari bilan “Zulfiyaxonim izdoshlari”, Qoraqalpog‘iston xalq artisti Zaure Saipova bilan “Kitob – mening hayotim” mavzularida uchrashuv kechalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida “Zakovat – yoshlarga qanot”, kitobxonlar klubi a’zolari bilan “Kutubxonada kvest” intellektual o‘yinlari o‘tkazilib, Uilyam Shekspir tavalludiga bag‘ishlangan “Ingliz dramaturgiyasining yorqin yulduzi” virtual ko‘rgazmasi tashkil etiladi.

“Kitobxonlik haftaligi” doirasidagi tadbirlar Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari