Qatar yashil maydonlarida futbol bo‘yicha U23 yosh toifasida o‘tkazilayotgan Osiyo kubogi ham o‘zining qizg‘in pallasiga kirdi. Gap shundaki, kubokning guruh bosqich o‘yinlari yakunlandi. Endi 8 terma jamoa musobaqa g‘olibligi va «Parij-2024» yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi.
Ertaga, 25-aprel kuni musobaqaning chorak final o‘yinlariga start beriladi. Ushbu bosqichda Qatar – Yaponiya, Janubiy Koreya – Indoneziya, Iroq — Vetnam, O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni juftliklari yarim final uchun kuch sinashadi.
Mazkur uchrashuvlar oldidan ushbu jamoalar guruh bosqichida qanday natija qayd etgani haqida to‘xtalib o‘tsak. Musobaqa mezboni Qatar «A» guruhida ikki g‘alaba va bir durang qayd etgan holda 7 ochko bilan birinchi pog‘onani egallagan bo‘lsa, Indoneziya ikki g‘alaba evaziga 6 ochko bilan pley-offga yo‘l oldi. 3-tur davomida Qatar 4-1, Indoneziya esa 5-3 gollar nisbatini qayd etdi.
«B» guruhida esa Janubiy Koreya 9 ochko jamg‘argan holda peshqadam bo‘ldi. Yaponiya esa 6 ochko bilan navbatdagi bosqich ishtirokchisiga aylandi. Koreyalik futbolchilar guruh bosqichida jami to‘rt marta raqib darvozasiga gol urdi va o‘zlarining darvozalari daxlsizligini ta’minladi. Yaponiya olimpiya terma jamoasi esa 3 ta gol kiritishga ulgurdi hamda o‘z darvozasidan 1 tagina to‘p olib chiqdi.
Guruh uchrashuvlari davomida eng kutilmagan natijalar «S» guruhida qayd etildi. So‘nggi turda Tojikiston Tailandni 1:0 hisobida yengib, chorak final ostonasidan qulatdi. Guruh yetakchisi bo‘lgan Saudiya Arabistoni kutilmaganda Iroq olimpiya terma jamoasiga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Buning natijasida Iroq va Saudiya Arabistoni 6 ochko to‘plagan holda 1/4 final bosqichiga chiqdi. Guruhda Iroq 6-5, Saudiya Arabistoni esa 10-4 gollar nisbatiga erishdi.
«D» guruhida yaqqol peshqadam deya e’tirof etilgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi muxlis-u mutaxassislar fikri to‘g‘ri ekanini g‘alabalari bilan isbotladi. Temur Kapadze shogirdlari guruhdagi barcha raqiblarini yengib, 9 ochko jamg‘ardi. Jami uch o‘yinda raqib darvozasini 10 marotaba ishg‘ol qilgan olimpiyachilarimiz o‘z darvozalari daxlsizligini ta’minladi.
Shu tariqa terma jamoamiz Osiyo kubogida gollar nisbatini 10+ ko‘rinishiga keltirgan yagona jamoaga aylandi. Mazkur guruhda ikkinchi o‘rin Vetnam termasiga nasib etdi. Ushbu jamoa a’zolari 3 turning ikkitasida g‘alaba qozondi va 5 ta gol urdi. So‘nggi turda esa futbolchilarimizga yirik 3:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi va to‘plar nisbatini 5-4 ko‘rinishida yakunladi.
Darvoqe, 26-aprel kuni chorak finalda O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘zaro o‘yin o‘tkazadi.
Shu o‘rinda mazkur yoshdagi ushbu jamoalarning o‘zaro o‘yini haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz.
Ushbu yosh toifasida har ikki terma jamoa o‘tgan yili Xitoyda o‘tgan Osiyo o‘yinlarining futbol bahslari aynan chorak finalida to‘qnash kelgan va unda Temur Kapadze shogirdlari 2:1 hisobida zafar quchgan edi. Mazkur o‘yinga hali ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q va umid qilamizki, olimpiyachilarimiz «Parij-2024» ostonasida g‘alaba qozonib, o‘z maqsadlari sari olg‘a boradilar.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA