Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talabalarning nazariy bilimlarini yanada mustahkamlashda o‘qish jarayoniga xorijlik professor-o‘qituvchilarni jalb qilish borasida amaliy ishlar qilinmoqda.

Ular ishtirokida onlayn ma’ruzalar o‘tkazilishi bilan birga, qo‘shni davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari talabalarga oflayn tarzda dars berishga ham jalb etilmoqda. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasining “QS World University Rankings” 500 taligiga kiradigan Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universiteti bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnoma asosida ushbu oliygohning biologik xavfsizlik kafedrasi professori, veterinariya fanlari nomzodi Amangeldi Mavlonov filial talabalariga 30 soat dars o‘tdi.

Filial direktori, professor Adilbay Yesimbetov bilan suhbat davomida hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama etildi. Yo‘lga qo‘yilgan o‘qituvchilar almashinuvi asosida pedagog kadrlarning tajribalari yanada ortib, yangi bilimlarni o‘zlashtirayotganligi, do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlanib, ijobiy natija berayotganligi qayd etildi. Kelgusida ilmiy yo‘nalishda ham hamkorlikni rivojlantirish, talabalar almashuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan mulohazalar bildirildi.

Bundan avval ham qozog‘istonlik professorlar tomonidan talabalarga dars o‘tilgan edi. Talabalar professorning ma’ruzalarida faol ishtirok etib, yaxshigina bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.

Ma’lumot o‘rnida: ayni kunlarda filialning zooinjeneriya kafedrasining katta o‘qituvchisi Z.Dauletova Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universitetida malaka oshirmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri