Bugun Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri, Hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha davlat kotibi Devid Kemeron boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi.

Tashrif avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi.

O‘zaro muloqot davomida mintaqaviy xavfsizlik, ta’lim, iqlim o‘zgarishi, ikki tomonlama savdo hamda biznes aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya, mintaqaviy va xalqaro bog‘liqlik hamda infratuzilma sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzoladilar.

TIVda bo‘lib o‘tgan muzokaradan so‘ng Devid Kemeron ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi:

– Biz birgalikda oldinga qarab dadil qadam tashlayapmiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasida kichik biznes va investitsiyani yanada rivojlantiryapmiz. Yashil texnologiya bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichini boshladik.

Darvoqe, qirollikda qishloq xo‘jaligi sohasi uchun mavsumiy ishchilarni jalb etish bo‘yicha maxsus sxema mavjud. Ushbu dasturda o‘zbekistonliklar ham muntazam ishtirok etyapti.

O‘zbekistonda Britaniyaning 10 dan ziyod universiteti faoliyat yuritmoqda. Hamkasbim bilan qanday qilib yanada ko‘proq natijaga erishish mumkinligi xususida gaplashdik.

Har ikki mamlakatda yangi ish o‘rinlari yaratish, savdo-sotiq, biznes va yashil texnologiyani rivojlantirish umumiy manfaatimizga mos keladi, deb o‘ylayman.

Biz mamlakatingizda amalga oshirilayotgan islohotlarni diqqat bilan kuzatib boramiz va mamnuniyat bilan olqishlaymiz. Bu yuksak natijalar O‘zbekiston uchun rivojlanish tendensiyasini belgilab beradi.

Ma’lumot o‘rnida: Kemeron Toshkentga Markaziy Osiyoning barcha besh davlati va Mo‘g‘ulistonga rejalashtirilgan rasmiy tashrifi doirasida keldi. Bundan avval TojikistonvaQirg‘izistonda bo‘lib, PrezidentlarEmomali Rahmon vaSadir Japarov bilanuchrashdi.

O‘tkir ALIMOV, Rustam NAZARMATOV (foto), Ulug‘bek TO‘XTAEV (video), O‘zA